- Asosiy
- Matbuot markazi
- Yangiliklar
Zamonaviy texnologiyalar va ishonchli hamkorlardan foydalangan holda
“Navoiyuran” davlat korxonasi mahalliy uran sanoatini yanada rivojlantirish, sanoat o‘zlashtirish uchun yangi istiqbolli hududlarni tayyorlash hamda mineral-xomashyo bazasini mustahkamlash borasida keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirmoqda.
Jumladan, Navoiy viloyatining istiqbolli Sugrali hududida geotexnik quduqlarni burg‘ilash va ularni ekspluatatsiyaga tayyorlash ishlari izchil davom ettirilmoqda. Mazkur ishlar “Navoiyuran” davlat korxonasi buyurtmasi asosida “O‘zbek geologiya qidiruv” AJ bilan yaqin hamkorlikda olib borilmoqda.
Loyiha doirasida Samarqand Markaziy geologiya qidiruv ekspeditsiyasining Uran partiyasi mutaxassislari zamonaviy burg‘ilash uskunalari va ilg‘or muhandislik yechimlaridan foydalangan holda geotexnik quduqlarni barpo etmoqda. Har bir quduqning geologik tavsifi, texnik ko‘rsatkichlari hamda bajarilgan ishlar sifati belgilangan talablar asosida muntazam nazorat qilinib, baholanmoqda.
Shuningdek, burg‘ilash jarayonida olingan geologik ma’lumotlar va namunalar batafsil tahlil qilinmoqda. Bunda istiqbolli uran zaxiralarini aniqlash hamda ulardan samarali foydalanish imkoniyatlarini baholashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Loyihalarni amalga oshirish jarayonida mehnatni muhofaza qilish, sanoat va texnika xavfsizligi hamda atrof-muhitni muhofaza qilish talablariga qat’iy rioya etilmoqda. Bu esa ishlab chiqarish jarayonlarining xavfsizligi, barqarorligi va yuqori samaradorligini ta’minlamoqda.
Sugrali konida amalga oshirilayotgan ishlar “Navoiyuran” davlat korxonasining 2030-yilgacha uran qazib olish hajmlarini oshirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish hamda mamlakat uran sanoatining barqaror rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan strategik vazifalarining amaliy ifodasidir.
“Navoiyuran” davlat korxonasi zamonaviy texnologiyalar va ishonchli hamkorlardan foydalangan holda yangi konlarni o‘zlashtirish, mineral-xomashyo bazasini kengaytirish hamda O‘zbekistonning jahon uran bozoridagi raqobatbardoshligini yanada mustahkamlash yo‘lida izchil faoliyat olib bormoqda.
“Navoiyuran” davlat korxonasi Matbuot xizmati.
