- Asosiy
- Matbuot markazi
- Yangiliklar
«Vazir va yoshlar» uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston Respublikasi tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri B. Islamov sohada mehnat qilayotgan, tahsil olayotgan hamda ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan bir guruh yoshlar bilan uchrashdi. Tadbir Yoshlar kuni munosabati bilan tashkil etildi.
Muloqot chog‘ida tizim korxonalarida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, kon-geologiya sohasida yosh kadrlar uchun yaratilayotgan sharoitlar, ularning ilmiy-amaliy ko‘nikmalarini oshirish, qo‘llab-quvvatlash hamda xalqaro talablarga javob beradigan mutaxassislarni tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, vazir soha oldida turgan ustuvor vazifalar haqida so‘z yuritib, yoshlarni tashabbuskor bo‘lishga, o‘z g‘oya va takliflarini dadil ilgari surishga, ularni amaliy natijalarga aylantirish yo‘lida qat’iyat bilan harakat qilishga chaqirdi.
Yoshlar o‘zlarini qiziqtirayotgan masalalar yuzasidan fikr bildirdi, taklif va mulohazalarini bayon etdi hamda dolzarb mavzular bo‘yicha vazir bilan ochiq muloqot qildi.
Tadbir yakunida bir guruh yoshlarga vazirlikning esdalik sovg‘alari topshirildi. Bunday tadbirlar yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda soha rivojiga munosib hissa qo‘shishiga xizmat qilishi qayd etildi.







