1. Asosiy
  2. Matbuot markazi
  3. Yangiliklar

Traxys kompaniyasi bilan hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi

21

C5+1 biznes-forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xodjayev, investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov hamda Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri Bobur Islomov Amerikaning Traxys kompaniyasi bosh ijrochi direktori Mark Kristoff bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muzokaralar davomida tomonlar muhim strategik mineral resurslar sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi. Geologiya-qidiruv ishlarini olib borish, mineral xomashyoni qazib olish va chuqur qayta ishlash, investitsiyalarni jalb etish, zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv Traxys kompaniyasi bilan avval o‘tkazilgan muzokaralarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Mazkur muzokaralarda tog‘-kon va geologiya sohasini transformatsiya qilish, investorlar uchun qulay sharoitlar yaratish hamda istiqbolli loyihalar bo‘yicha uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqilgan edi. Tomonlar tarmoq korxonalari bilan hamkorlikni kengaytirish va barqaror ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini qayd etdi.

O‘zbekiston tomoni qo‘shma tashabbuslarni amaliyotga tatbiq etishda zarur ko‘mak ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi. Traxys rahbariyati esa o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish va O‘zbekistondagi istiqbolli loyihalarda ishtirok etishga qiziqish bildirdi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublikasi va Traxys kompaniyasi o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Hujjat kelgusidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari va birgalikda amalga oshiriladigan ishlarni belgilab beradi.

Bo‘lishish

Foydali havolalar