1. Asosiy
  2. Matbuot markazi
  3. OAV biz haqimizda

Toshkent Markaziy geologiya qidiruv ekspeditsiyasiga tashkil etilgan press-tur tafsiloti

174

Joriy yilning 12- oktabr kuni “O‘zbek geologiya qidiruv” aksiyadorlik jamiyati faoliyati bilan yaqindan tanishish va geologiya qidiruv sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, respublika mineral-xom ashyo bazasi rivojlantirilishini taʼminlashga qaratilgan vazifalar ijrosi bilan yaqindan tanishish maqsadida aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi Toshkent Markaziy geologiya qidiruv ekspeditsiyasiga press-tur tashkil etildi. Unda ommaviy axborot vositalari vakillari va jurnalistlar ishtirok etdilar.

Maʼlumki, 2021 yil 21 aprelda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-5083-son Qaroriga muvofiq, 2021 yil avgust oyida geologiya qidiruv ishlariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha “O‘zbek geologiya qidiruv” aksiyadorlik jamiyati tashkil etilgan. Bugungi kunda jamiyat tomonidan zamonaviy va yuqori samarali uskunalar, ilg‘or texnika va innovatsion texnologiyalar orqali hududlarda geologiya-qidiruv ishlarini jadal amalga oshirib, respublika mineral-xom ashyo bazasini rivojlantirishga katta hissa qo‘shib kelmoqda. Aksiyadorlik jamiyati tarkibida respublikamiz hududida geologik qidiruv ishlarini olib borish uchun 4 ta ekspeditsiya mavjud bo‘lib, bular Qizilqum, Hisor, Samarqand va Toshkent Markaziy geologiya qidiruv ekspeditsiyalari hamda Markaziy laboratoriya, Markziy ishlab chiqarish bazasi va Kompleks geologik geofizika partiyasi, shuningdek, Geoburxizmat uchastkalari mavjud bo‘lib, bu tashkilotlar geologiya-qidiruv sohasidagi ishlarni samaradorligini va natijadorligini oshirishga xizmat qilib kelmoqda. Hozirgi kunda jamiyatda 78 dona zamonaviy yuqori -texnologik va 12 dona boshqa turdagi burg‘ulash uskunalari, 41 dona maxsus texnika, 62 dona suv tashuvchi maxsus avtotransport, 59 dona yo‘l qurilish texnikalari mavjud bo‘lib bu esa albatta ish unumdorligi va belgilangan rejalarni o‘z vaqtida bajarishga xizmat qiladi. Maʼlumot uchun bugungi kunda sohada 3500 dan ziyod xodim faoliyat olib bormoqda. Jumladan, bular geologlar, muhandislar, quruvchilar, iqtisodchilar va boshqa soha mutaxassislaridan iborat.

Press-tur davomida aksiyadorlik jamiyat tarkibidagi Toshkent Markaziy geologiya qidiruv ekspeditsiyasi faoliyati bilan yaqindan tanishildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yilning 28 fevral sanasidagi PF-27 farmoniga asosan “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yilida amalga oshirish” ga oid Davlat dasturi doirasida Toshkent Markaziy geologiya qidiruv ekspeditsiyasida bir qator loyihalar amalga oshirildi. Toshkent MGQE ikkita dala ekspeditsiyasidan iborat. Birinchisi “Sharqiy-Qurama” dala ekspeditsiyasidir. Bugungi kunga qadar Qizil olma va Chodak maʼdan maydonlarida nodir va rangli metallarni geologik izlash va baholash ishlarini 13 ta loyiha asosida olib borilayapti. Bulardan 6 ta loyiha davlat byudjeti va 7 ta loyiha maxsus hisobidan ajratilgan mablag‘lari hisobiga amalga oshirildi. Ikkinchisi Olmaliq dala ekspeditsiyasisi bo‘lib, unda joylashgan Qalmoqqir koni o‘zining ko‘lami va olinadigan foydali qazilma boyliklari turfaligi tufayli (Mendeleyev sistemasining 10-dan ortiq rangli, nodir va noyob elementlari), dunyodagi barcha geologik darsliklarga kiritilgan. Shuningdek, dunyo miqyosidagi yirik konlar qatoridan o‘rin olgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Olmaliq KMK” AJ konlari negizida rangli va qimmatbaho metallar ishlab chiqarishni kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq bugungi kunda “Yoshlik-1” konini o‘zlashtirish ishlari olib borilmoqda. Bunga ko‘ra “Olmaliq KMK”ning ishlab chiqarish quvvati 4 barobarga ko‘payishi kutilmoqda. Bu ishlarni amalga oshirish uchun hozirda 3chi-mis boyitish fabrikasining qurilish ishlari jadal olib borilmoqda. Belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida hozirda Olmaliq dala ekspeditsiyasi rangli va qimmatbaho metallarni izlash va qidirish maqsadida, 2 ta polimetal maʼdanlariga, 6 ta mis maʼdanlariga va 5 ta oltinga izlash va baholash ishlari loyihalari ustida ish olib bormoqda.

So‘ngi yillarda Davlatimiz rahbari tomonidan geologiya qidiruv soxasiga qaratilayotgan eʼtibor tufayli sohaning moddiy texnik bazasi tubdan yangilandi, yangi maxsus texnikalar va chet el ilg‘or texnologiyalariga asoslangan burg‘ilash uskunalari olib kelindi va natijada ish unumdorligi bir necha barobarga oshdi. Xususan, bir oyda zamonaviy burg‘ilash uskunasi orqali 1 000 p.metrdan yuqori burg‘ilash ishlari bajarishga erishilmoqda. Avval olib borilgan geologiya qidiruv ishlarida 600 metr chuqurlikgacha o‘rganilgan bo‘lsa, hozirda esa 1 200 metr chuqurlikgacha burg‘ilash orqali geologik o‘rganish imkoniyatlarini yaratmoqda. Bu esa albatta, foydali qazilmalar zaxira va resurslarining mineral xom ashyo bazasini kengaytirishda keng imkoniyatlar yaratib bermoqda. Sohada amalga oshirilayotgan ishlarga Olmaliq xududida ochilgan mineral xom ashyo bazasini o‘sishiga xizmat qiluvchi yirik mis-porfirli Miskon konini yaqqol misol qilib keltirsak bo‘ladi. Bundan tashqari Qorabuloq va Yoshlik-2 konlarining chuqur gorizontlarini va qanotlarini qo‘shimcha qidirish hisobiga mis-molibden, oltin zaxiralari oshirilmoqda. Qo‘rg‘oshin-rux mineral xom ashyo bazasini kengayishi Kulchulak koni va Markaziy uchastkalari hisobidan, oltin zaxiralarining kengayishi esa Quyikenjasoy, Janubiy-1 va Togap uchastkalari hisobiga to‘g‘ri keladi.

Barchamizga maʼlumki bugungi kunda sohada sifat va samaradorlikni oshirish maqsadida zamonaviy texnologiyalardan foydalanish katta ahamiyatga ega. Shu sababli, “O‘zbek geologiya qidiruv” AJ geologik maʼlumotlarni qayta ishlash yaʼni geologik maʼlumotlarni kuzatib borish, maʼlumotlarni to‘plash, geologik axborotni nazorat qilish va boshqarishda samaradorlikni oshiradigan xavfsiz, zamonaviy va to‘liq moslashtirilgan zamonaviy dasturlardan foydalanib kelmoqda.

Shuni alohida taʼkidlab o‘tish kerakki, bugungi kunda geologiya sohasi tizimida respublika mineral-xom ashyo bazasini rivojlantirishda “O‘zbek geologiya qidiruv” AJ tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalarning o‘rni ahamiyatlidir. 2023 yil 11 sentyabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston - 2030» strategiyasi to‘g‘risidagi 158-son Farmonida belgilangan 48-maqsadda kelgusida respublikaning

60 ming kvadrat kilometr maydonida geologiya qidiruv ishlarini amalga oshirish vazifasi qo‘yildi, bu albatta Aksiyadorlik jamiyati oldidagi masʼuliyatini yana-da oshiradi.

Bugungi press-turda davomida Aksiyadorlik jamiyati faoliyati haqida ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilikni geologiya qidiruv sohasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishtirildi.

“O‘zbek geologiya qidiruv” AJ
Axborot xizmati.

Bo‘lishish

Foydali havolalar