- Asosiy
- Matbuot markazi
- Yangiliklar
Samarqandda geologiya-qidiruv ishlari samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi
Joriy yilning 30-yanvar kuni “O‘zbek geologiya qidiruv” aksiyadorlik jamiyatining Samarqand markaziy geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi anjumanlar zalida jamiyat tizimida 2025-yil davomida amalga oshirilgan ishlar yakunlariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Mazkur yig‘ilishning asosiy maqsadi bajarilgan ishlar natijalarini tahlil qilish, mavjud muammolarni aniqlash hamda kelgusida geologiya-qidiruv ishlari samaradorligini oshirish, respublika mineral-xom ashyo bazasini yanada rivojlantirishga qaratilgan ustuvor vazifalarni belgilab olishdan iborat bo‘ldi.




Yig‘ilishda “O‘zbek geologiya qidiruv” AJ Ijro apparatining mas’ul xodimlari, tarkibiy bo‘linmalar rahbarlari, muhandislar hamda Mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi bo‘limi xodimlari ishtirok etdi.
Tadbir davomida sohada olib borilayotgan islohotlar, geologiya-qidiruv ishlarini tashkil etishdagi dolzarb masalalar hamda jamiyat oldida turgan muhim vazifalar atroflicha muhokama qilindi. Xususan, ishlab chiqarish jarayonlarida uchrayotgan kamchiliklar, ularning kelib chiqish sabablari tahlil qilinib, mazkur kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida ularning oldini olish bo‘yicha mas’ul rahbarlarga kerakli topshiriqlar berildi.
Shuningdek, uchrashuv davomida 2026-yilda Mehnatni muhofaza qilish va texnika xavfsizligi talablariga qat’iy rioya etgan holda xodimlar uchun sog‘lom va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish, ishlab chiqarishda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan noxush hodisalar va baxtsiz hodisalarning oldini olishga qaratilgan reja va tadbirlar muhokama qilindi.
Bundan tashqari, geologiya-qidiruv jarayonlarida ishlab chiqarish faoliyatini raqamlashtirish, zamonaviy texnologiyalar va axborot tizimlarini joriy etish orqali ish samaradorligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Yig‘ilish yakunida sohani yanada rivojlantirish, ish samaradorligini oshirish va belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida sifatli bajarish maqsadida mas’ul xodimlarning taklif va fikr-mulohazalari tinglanib, aniq chora-tadbirlar va vazifalar belgilab olindi.
