- Asosiy
- Matbuot markazi
- Yangiliklar
Pistali koni hududida zamonaviy dron texnologiyalari yordamida aeromagnit qidiruv ishlari olib borilmoqda
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ buyurtmasiga asosan, “O‘zbek geologiya qidiruv” AJ Markaziy geologiya-geofizika ekspeditsiyasi Aerogeofizika partiyasi mutaxassislari tomonidan Pistali koni atrofidagi hududlarda yuqori aniqlikdagi geofizik tadqiqotlar olib borilmoqda.
.jpg)

Loyiha doirasida umumiy maydoni 94 km² bo‘lgan hududda 1:5000 masshtabdagi batafsil aeromagnit suratga olish ishlari amalga oshirilmoqda.
Mazkur tadqiqotlar geologik tuzilmalarni aniqlash, yer qa’rining chuqur qatlamlari haqidagi ma’lumotlarni olish hamda foydali qazilma konlarini bashorat qilish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.


Dala tadqiqotlarining tezkorligi, o‘lchov natijalarining sifati va aniqligini ta’minlash maqsadida zamonaviy texnologik yechimlardan foydalanilmoqda. Jumladan:
Uchuvchisiz uchish apparati: santimetr darajasidagi aniqlikni ta’minlovchi RTK navigatsiya tizimi bilan jihozlangan DJI Matrice 350 RTK droni;
O‘lchash uskunasi: yuqori sezgirlikka ega zamonaviy Geometrics MagArrow aeromagnitometri.
Ushbu innovatsion texnologiyalar majmuasi yordamida mutaxassislar murakkab relyef sharoitlarida ham xavfsiz, tezkor va yuqori unumdorlik bilan ish olib bormoqda.
Hozirgi vaqtda kunlik o‘rtacha ish hajmi 5 km² yoki 100 p.k. tashkil etmoqda. Bu esa tadqiqotlarni belgilangan muddatlarda, yuqori aniqlikda va zamonaviy geofizik tadqiqotlar talablariga muvofiq bajarish imkonini bermoqda.
Zamonaviy dron texnologiyalarini geologiya-qidiruv ishlariga joriy etish dala tadqiqotlari samaradorligini oshirish, geofizik ma’lumotlarning sifatini yaxshilash hamda istiqbolli ma’danli hududlarni aniqlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
