- Asosiy
- Matbuot markazi
- Yangiliklar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Amerika Qo‘shma Shtatlari Davlat kotibi Marko Rubioni qabul qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19-oktabr kuni mamlakatimizga “C5+1” formatidagi vazirlar uchrashuvi va Amerika-O‘zbekiston biznes va investitsiyalar kengashining ikkinchi yig‘ilishida ishtirok etish uchun kelgan AQSh Davlat kotibi Marko Rubioni qabul qildi.
Uchrashuv avvalida Marko Rubio AQSh Prezidenti Donald Trampning davlatimiz rahbariga yo‘llagan samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Asosiy e’tibor O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, oliy darajada erishilgan kelishuvlarni izchil amalga oshirish masalalariga qaratildi.
AQSh va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash hamda ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga o‘zaro manfaatdorlikni tasdiqlagan navbatdagi “C5+1” vazirlar uchrashuvi yakunlariga yuksak baho berildi.
Siyosat va xavfsizlik, savdo va investitsiyalar, innovatsiyalar va texnologiyalar, ta’lim va madaniyat kabi muhim yo‘nalishlarda ikki tomonlama hamkorlik faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Ikki mamlakat parlamentlari va idoralari o‘rtasida bevosita va konstruktiv muloqot yo‘lga qo‘yildi, ishbilarmon doiralar hamda akademik hamjamiyat o‘rtasidagi aloqalar kengaymoqda.
Xavfsizlik sohasidagi hamkorlik, eng avvalo, terrorizm, ekstremizm, giyohvand moddalar kontrabandasi va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish borasida mustahkamlanmoqda.
O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida Kengaytirilgan strategik sheriklik muloqotining yo‘lga qo‘yilishi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda muhim qadam bo‘ldi. Uning birinchi yig‘ilishi yakunida qator hujjatlar, jumladan, koinotdan tinch maqsadlarda foydalanish sohasidagi Artemis kelishuvlari imzolandi.
Iqtisodiy hamkorlik strategik sheriklikning asosiy tayanchlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Joriy yil boshidan buyon tovar ayirboshlash hajmi 35 foizga oshdi. Iqtisodiy hamkorlik dasturi muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Uning doirasida fuqaro aviatsiyasi, avtomobilsozlik, tog‘-kon sanoati, energetika, qishloq xo‘jaligi, raqamlashtirish va moliya sohalarida yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.
Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirishda Biznes va investitsiyalar kengashining alohida o‘rni ta’kidlandi. Joriy yig‘ilish doirasida umumiy qiymati 12 milliard dollarlik yangi kelishuvlarga erishildi.
Gumanitar hamkorlik izchil kengayib bormoqda. Toshkentda Vebster universiteti, Amerika texnologiya universiteti va Kolorado konchilik maktabining Kompetensiyalar markazi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. O‘zbekistonga tashrif buyurayotgan amerikalik sayyohlar soni ortib bormoqda.
Tomonlar amaliy hamkorlikning yangi istiqbollarini ham belgilab oldilar. Strategik ahamiyatga ega minerallar, energetika, transport, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar sohalarida salmoqli salohiyat mavjud.
Mintaqalararo aloqalarni rivojlantirish va biznes missiyalari almashinuviga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, xalqaro siyosat va mintaqaviy xavfsizlikning dolzarb masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Ikki mamlakat yetakchilari ishtirokidagi bo‘lajak tadbirlar jadvali va ularning mazmun-mohiyati ko‘rib chiqildi.


