1. Asosiy
  2. Matbuot markazi
  3. Yangiliklar

O‘zbekiston mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va geologiya-qidiruv ishlarida zamonaviy yondashuvlar

21

2026-yil 7-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Kontent tayyorlash markazida Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi va “O‘zbek geologiya qidiruv” AJ mutasaddilari ishtirokida “O‘zbekiston mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va geologiya-qidiruv ishlarida zamonaviy yondashuvlar” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Bugungi kunda O‘zbekistonning mineral-xomashyo bazasini mustahkamlash, yangi istiqbolli konlarni aniqlash, mavjud konlarning resurs salohiyatini kengaytirish hamda iqtisodiyot tarmoqlarini strategik ahamiyatga ega mineral xomashyo bilan ta’minlash geologiya-qidiruv sohasining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.

So‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimiz tog‘-kon sanoati va geologiya sohasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar mineral-xomashyo bazasini kengaytirish, geologiya-qidiruv ishlariga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, yangi konlarni aniqlash va ularni o‘zlashtirish, investitsiyalarni jalb qilish hamda mineral resurslarni chuqur qayta ishlashga qaratilgan yangi tizimni shakllantirmoqda.

Davlatimiz rahbari tomonidan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida geologiya sohasini rivojlantirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilangan. Jumladan, istiqbolli hududlarni geologik jihatdan o‘rganishni kengaytirish, 60 ming kvadrat kilometr maydonda geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish, oltin ishlab chiqarishni 1,5 barobar, kumushni 3 karra, misni 3,5 barobar, uran, temir va ko‘mirni 3 barobar oshirish maqsad qilingan.

Amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida 2016–2025-yillarda O‘zbekiston hududining geologik o‘rganilganlik darajasi 20 foizdan 45 foizga oshdi. Geologik o‘rganilgan maydon 89 ming kvadrat kilometrdan 200 ming kvadrat kilometrga yetdi. Tog‘li va tog‘oldi hududlarida bu ko‘rsatkich 36 foizdan 62 foizgacha oshdi. Tadqiqotlar natijasida 185 ta istiqbolli maydon va 50 dan ortiq foydali qazilma konlari aniqlandi.

Geologiya-qidiruv ishlarining sifatini oshirish va zamonaviy xalqaro talablarga muvofiqligini ta’minlash maqsadida «O‘zbek geologiya qidiruv» AJda geologik ma’lumotlar bazalarini shakllantirish jarayonlarini raqamlashtirish bo‘yicha keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. «O‘zbek geologiya qidiruv» AJga qarashli barcha geologiya-qidiruv korxonalarida geologik ma’lumotlarni yig‘ish, boshqarish va nazorat qilish uchun Micromine kompaniyasining Geobank va Geobank Mobile ixtisoslashtirilgan dasturiy ta’minoti bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Amalga oshirilgan ishlar natijasida geologik ma’lumotlarni boshqarishning zamonaviy tizimi shakllantirildi. Ushbu tizim ma’lumotlarning sifati, to‘liqligi, kuzatiluvchanligi va ulardan tezkor foydalanishni oshirishni ta’minlaydi. Bu geologiya-qidiruv ishlarini olib borish jarayonida CRIRSCO xalqaro standartlariga mos keladigan sifatli geologik ma’lumotlar bazasini olish imkonini berdi. «O‘zbek geologiya qidiruv» AJda raqamli geologiyani rivojlantirishning navbatdagi bosqichi geologik, geokimyoviy va geofizik ma’lumotlarning katta hajmlarini tahlil qilish hamda istiqbolli uchastkalarni aniqlash maqsadida sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishdir. Hozirgi vaqtda «O‘zbek geologiya qidiruv» AJ geologik ma’lumotlarni qayta ishlash, 3D-geologik modellashtirish, mineral resurslarni baholash va konlarning zaxiralarini hisoblash uchun ixtisoslashtirilgan dasturiy ta’minotning zamonaviy majmuasiga ega.

Faoliyat samaradorligini oshirishda geologik, geofizik va geokimyoviy tadqiqotlar bilan bir qatorda burg‘ilash ishlari yer qa’rini bevosita o‘rganish va mineral xomashyo zaxiralarini ishonchli baholashning eng muhim vositalaridan biri hisoblanadi. Burg‘ilash natijasida yer qa’rining chuqur qatlamlaridan geologik namuna olinib, tog‘ jinslarining tarkibi, tuzilishi, foydali qazilma tanalarining yotish sharoitlari, qalinligi, chuqurligi va sifat ko‘rsatkichlari aniqlanadi.

Shu nuqtai nazardan, “O‘zbek geologiya qidiruv” AJ tomonidan geologiya-qidiruv ishlarini zamonaviy texnika va texnologiyalar asosida tashkil etish, burg‘ilash unumdorligini va sifatini oshirish, geologik ma’lumotlarning ishonchliligini ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Geologiya-qidiruv ishlarining tobora murakkablashib borishi burg‘ilash texnikalariga qo‘yiladigan talablarni ham sezilarli darajada oshirmoqda. Ayniqsa, katta chuqurlikdagi, qiya va murakkab geologik sharoitdagi quduqlarni burg‘ilashda yuqori unumdor, ishonchli va mobil uskunalardan foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi.

Bu jarayonlarning amaliy ahamiyati shundaki, geologik tadqiqot natijasi iqtisodiyotning keyingi bosqichlari bilan uzviy bog‘lanmoqda. Istiqbolli maydon aniqlanadi, uning zaxiralari baholanadi, investitsiya loyihasi shakllantiriladi, kon o‘zlashtiriladi va mineral resurslar mamlakat ichida qayta ishlanib, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotga aylantiriladi.

Matbuot anjumanida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tog‘-kon sanoati va geologiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati, qabul qilingan qaror va dasturlarning amaliy natijalari, mineral-xomashyo bazasini kengaytirish, raqamlashtirish, sun’iy intellekt va zamonaviy geologiya-qidiruv texnologiyalarini joriy etish, yangi investitsiya loyihalari hamda istiqboldagi ustuvor vazifalar haqida batafsil ma’lumot beriladi.

Bo‘lishish

Foydali havolalar