1. Asosiy
  2. Matbuot markazi
  3. Yangiliklar

Modernizatsiya va yangi texnologiyalar – geologiya sohasi taraqqiyotining asosiy omili

3

Modernizatsiyaning tarixiy ahamiyati

Geologiya va tog‘-kon sohasi O‘zbekiston iqtisodiyotida muhim strategik o‘rin egallaydi. O‘tgan asrning o‘rtalarida mutaxassislar asosan mexanik va ko‘p quvvat talab qila­digan uskunalardan foydalangan, ularning ish unumdorligi cheklangan, xavfsizlik darajasi esa past bo‘l­gan. Natijada ish jarayoni ko‘p vaqt talab qiladi, xavfsizlik talablari yetarli darajada taʼminlanmas edi. Ayniqsa, burg‘ilash jarayonlarida ko‘pincha texnik nosozliklar sababli quduqlarda avariyalar yuz bergan, geologik namuna olishda yo‘qotishlar katta bo‘lgan.
O‘tgan yillar tajribasi shuni ko‘rsatdiki, iqtisodiy taraqqiyot­ning asosiy garovi – bu ishlab chi­qarish jarayonlarini uzluksiz yangilab borish, zamonaviy texnologiya­larni tadbiq qilish va ish unumdorligini oshirishdan iborat. Shu nuq­tai nazardan so‘nggi yillarda geologiya sohasida amalga oshirilayotgan modernizatsiya jarayonlari tarixiy ahamiyatga ega bo‘lib, mamlakat mineral-xom ashyo bazasini mustahkam­lashda asosiy omilga ay­lanmoqda.
Bugungi kunda «O‘zbek geologiya qidiruv» AJ tomonidan qo‘lga kiri­tilayotgan zamonaviy burg‘ilash uskunalari, raqamli texnologiyalar va avtomatlashtirilgan tizimlar ilgari tasavvur qilish qiyin bo‘lgan imkoniyatlarni yaratmoqda. Masalan, 2020 yilda bir uskuna oyiga o‘rtacha 450 metr chuqurlikkacha burg‘ilash ishlarini bajargan bo‘lsa, hozirgi paytda zamonaviy uskunalar orqali bu ko‘rsatkich 2000 metrga yetdi. Bu faqat raqam emas – balki geologiya sohasidagi sifat o‘zgarishlarining yorqin ifodasidir.
Modernizatsiya jarayonlari fa­qat texnik jihatdan emas, balki iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan ham tarixiy ahamiyatga ega. Chunki ular orqali nafaqat korxonaning raqo­batbardoshligi taʼminlanadi, balki mamlakatning iqtisodiy o‘sishiga ham hissa qo‘shiladi. Eng muhimi, geologiya sohasidagi har bir qadam kelajak avlod uchun strategik zaxiralar yaratish, ulardan oqilona foydalanish va tabiiy boyliklarni as­rab-avaylash bilan uzviy bog‘­liqdir.

Yangi uskunalar – yangi imkoniyatlar

2021–2025 yillar mobaynida jamiyat ekspeditsiyalariga Turkiyada ishlab chiqarilgan zamonaviy, yuqo­ri samarali burg‘ilash uskunalari olib kirildi. Masalan, 2021–2022 yillarda DBC Makina Sanayi ve Ticaret A.Ş. kompaniyasining gidravliklashtirilgan, jahon standartlariga to‘la javob beradigan ESD-9 hamda S-15, S-21 turdagi dizel va elektr quvvatli uskunalari joriy etildi. Keyinchalik SONMAK RX-4 va DBC S-21 uskunalari hamda elekt­rovoz va vagonlar ham sotib olindi.
Bu orqali burg‘ilash ishlarining quvvati va samaradorligi keskin oshdi.

Masalan:
Yer usti kolonkali burg‘ilash ishlari 2020 yilga nisbatan 35%ga o‘sib, har bir uskuna oyiga 1300 metr ko‘rsatkichga erishdi (2020 yil 450 pog.metrni tashkil qilgan).
Yer osti kolonkali burg‘ilash ishlari 30 foizga o‘sib, har bir uskuna oyiga 500 metr (2020 yil 150 pog.metrni tashkil qilgan)ish bajarish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Zamonaviy reagentlar qo‘llani­shi orqali qiyin qirqimli maydonlarda ham namuna olish samaradorligi 100 foizga yetdi.
Bu o‘zgarishlar nafaqat ish sifatini oshirdi, balki xavfsizlik, ish jarayonlarining barqarorligi va vaqt­ning tejalishiga ham xizmat qildi.

2025 yil rejalari va ko‘rsatkichlari

Joriy yilda jamiyat tizimida jami 693,7 ming pog.metr burg‘ilash ishlari rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, jamiyat tizimida yer osti tog‘-kon ishlari 6930 metr, yer usti tog‘-kon ishlari esa 303,1 ming kub metr miqdorda bajarilishi ko‘zda tutilgan.
Mazkur ko‘rsatkichlar byudjet mablag‘lari, «Olmaliq KMK» va «Navoiy KMK» hamda shartnoma asosida jalb etilgan mablag‘lar hisobidan amalga oshirilmoqda.

Iqtisodiy samara va raqobatbardoshlik

Har qanday modernizatsiya jarayonining asosiy maqsadi – ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, xarajatlarni qisqartirish va mah­sulot yoki xizmatlarning raqobatbar­doshligini taʼminlashdan iborat. Geologiya sohasi ham bundan mustasno emas. «O‘zbek geologiya qidiruv» AJ tomonidan so‘nggi yillarda amalga oshirilgan yangilanishlar na­tijasida iqtisodiy samaradorlik keskin oshdi.
Avvalo, zamonaviy burg‘ilash us­kunalarining joriy qilinishi qi­diruv ishlarida xarajatlarni optimallashtirish imkonini berdi. Bu esa nafaqat ish unumdorligini oshir­di, balki xizmatlar tannarxini ham sezilarli darajada kamaytirish imkonini yaratdi.
Iqtisodiy samaradorlikning yana bir muhim jihati – vaqt tejalishi. Ilgarigi uskunalarda rejadan tashqari to‘xtashlar, ehtiyot qism­larni kutish yoki quduqlarda yuzaga kelgan avariyalarni bartaraf etish ko‘p vaqtni oladigan bo‘lsa, hozirgi zamonaviy stanoklarda bu kabi ho­latlar keskin qisqardi. Natijada sof burg‘ilash vaqti 30 foizdan 48,5 foizgacha oshdi. Bu ko‘rsatkich xalqa­ro standartlarga javob beradigan darajada yuqori hisoblanadi.
Shu bilan birga geologiya-qidi­ruv ishlarida samaradorlikning oshishi kompaniyaning xalqaro maydondagi nufuziga ham ijobiy taʼsir ko‘rsatdi. Bugungi kunda «O‘zbek geologiya qidiruv» AJ nafaqat res­publika hududida, balki xorijiy davlatlarda ham xalqaro tenderlarda ishtirok etib, raqobatbardosh xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Bu esa milliy geologiya sohasini tashqi bozorga olib chiqish va mamlakat iqtisodiyotini yuksaltirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Qo‘shimcha ravishda aytish mumkinki, modernizatsiya jarayonlari orqali ishlab chiqarishda energiya va resurslar tejalishi taʼminlan­moqda. Masalan, yoqilg‘i-moy mahsu­lotlaridan oqilona foydalanish, texnologik materiallarni tejash, geologik namuna olishda 100 foiz natijaga erishish – barchasi iqtisodiy samaradorlikning asosiy ko‘rsatkichlaridir.
Shunday qilib, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish faqat texnik jihatdan emas, balki iqtisodiy jihatdan ham ulkan natijalar ber­moqda. Eng muhimi, bu jarayonlar orqali «O‘zbek geologiya qidiruv» AJ milliy va xalqaro miqyosda ra­qobatbardosh kompaniyaga aylanib bormoqda.

Raqamlashtirish – samaradorlik garovi

Zamonaviy geologiya-qidiruv ishlarini raqamli texnologiyalarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bugungi kunda ishlab chiqarish jarayonlarining har bir bosqichiga raqamlash­tirish va avtomatlashtirish jarayonlari joriy etilmoqda. «O‘zbek geologiya qidiruv» AJ ham ushbu yo‘nalishda ilg‘or tajribalarni o‘z faoliyatiga tatbiq etmoqda.
Avvalo, raqamli texnologiyalar ish jarayonlarini real vaqt rejimida nazorat qilish imkonini ber­moqda. Yaʼni ekspeditsiyalarda olib borilayotgan burg‘ilash ishlari, ishchi kuchidan foydalanish, texnik resurslar sarfi, hatto yo‘qotishlar yoki ortiqcha xarajatlar onlayn tarz­da ko‘rilmoqda. Bu jarayonlar foto va video lavhalar bilan huj­jat­lashtirilib, tezkor qaror qabul qilish imkonini yaratmoqda.
Ikkinchidan, raqamlashtirish or­qali texnologik materiallar va yoqilg‘i-moy mahsulotlaridan samarali foydalanish taʼminlanmoqda. Masalan, avval ish jarayonlarida yo‘qotishlar yoki samarasiz sarflar ko‘p kuzatilgan bo‘lsa, hozirgi ra­qamli monitoring tizimlari orqa­li ular minimal darajaga kelti­rildi.
Uchinchidan, raqamli texnologiya­lar xodimlarning ishini avtomatlashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Dala sharoitida hisobot tayyorlash, maʼlumot to‘plash, geologik namuna va quduq maʼlumotlarini tizimga kiritish kabi jarayonlar dasturiy komplekslar yordamida av­tomatlashtirildi. Bu esa inson omili taʼsirini kamaytiradi va ish jarayonlarini aniq, tezkor hamda ishonchli qilib beradi.
Shuningdek, raqamlashtirish jarayoni xavfsizlikni taʼminlashda ham katta ahamiyatga ega. Zamonaviy datchiklar va sensorlar yordamida uskunalarning ish holati, yer qaʼri­dagi bosim va harorat ko‘rsatkich­lari, xavfli holatlar haqida oldindan ogohlantirish imkoni yaratildi. Natijada avariyalar va ish jarayonida to‘xtash holatlari sezilarli darajada kamaydi.
Bundan tashqari raqamli texnologiyalar xalqaro maydonda ham ra­qobatbardoshlikni taʼminlaydi. Chunki bugungi kunda tender va yirik xalqaro shartnomalarda ish jarayonlarini raqamli kuzatish, hisobot­larni elektron formatda taqdim etish, aniq va onlayn maʼlumotlar taqdim qila olish – eng muhim talab­lardan biriga aylandi.
Shu tariqa «O‘zbek geologiya qi­diruv» AJ nafaqat texnik modernizatsiya, balki raqamlashtirish jarayonlari orqali ham o‘z faoliyatini yangi bosqichga olib chiqmoqda. Bu esa sohaning samaradorligini oshirish bilan bir qatorda, inson mehnatini yengillashtirish, xavfsizlikni taʼminlash va geologiya-qidiruv ishlarini xalqaro standartlarga mos ravishda amalga oshirish imkonini bermoqda.

“O‘zbekiston–2030” strategiyasidagi vazifalar ijrosi

O‘zbekiston Respublikasi Preziden­tining 2023 yil 11 sentyabrdagi PF-158-sonli farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston–2030” strategiyasida belgilangan topshi­riqlar doirasida ham qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, jamiyat “Navoiyuran” DK bilan tuzilgan shartnoma asosida «Janubiy Sugrali» maydonida geotexnologik quduqlarni burg‘ilash va o‘zlashtirish ishlarini boshladi.
 Shu maqsadda Xitoyning SPT-900SE markali aylanuvchi rotorga ega zamonaviy burg‘ilash uskunalari sotib olindi va amaliyotga joriy qilindi.

Kadrlar salohiyati va yangi ish o‘rinlari

Har qanday modernizatsiya, texnika va texnologiyalarni yangilash jarayonlari inson omilisiz samara bermaydi. Zamonaviy uskunalardan to‘liq foydalanish, raqamli texnologiyalarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish va geologiya-qidiruv ishlarining sifatini oshirish, avvalo, yuqori malakali kadrlar salohiyatiga bog‘liq.

 

Sergey DERYAGIN,

Boshqaruv raisi o‘rinbosari, bosh muhandis

Bo‘lishish

Foydali havolalar