1. Asosiy
  2. Matbuot markazi
  3. OAV biz haqimizda

Jurnalistlar geologiya-qidiruv sohasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi

350

— Ekspeditsiya jarayonlari qaysi mablag‘lar hisobiga yo‘lga qo‘yiladi?

— Texnikalar yetarlimi, ish unumdorligi qanday?  

—Yaqinda qabul qilingan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida  geologiya-qidiruv sohasi bo‘yicha qanday vazifalar qo‘yildi?  

“O‘zbek geologiya qidiruv” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Toshkent markaziy geologiya-qidiruv ekspeditsiyasiga press-tur tashkil etildi. Geologiya-qidiruv sohasida amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rganish maqsadida tashkil etilgan press-tur davomida mazkur savollarga javob oldik.  

Ma’lumki, davlatimiz rahbarining tegishli  qaroriga muvofiq, 2021 yil avgust oyida geologiya-qidiruv ishlariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha “O‘zbek geologiya qidiruv” aksiyadorlik jamiyati tashkil etilgan. Bugungi kunda jamiyat tomonidan zamonaviy va yuqori samarali uskunalar, ilg‘or texnika va innovatsion texnologiyalar orqali hududlarda geologiya-qidiruv ishlari jadal amalga oshirilib, respublika mineral-xom ashyo bazasini rivojlantirishga katta hissa qo‘shib kelinmoqda.  

Ayni damda sohada 3 ming 500 dan ziyod xodim faoliyat olib bormoqda.  Ular geolog, muhandis, quruvchi, iqtisodchi va boshqa soha mutaxassislaridir.  

Press-tur davomida jurnalistlar dastlab geologiya-qidiruv ishlariga xizmat ko‘rsatuvchi texnikalar,burg‘ulash uskunalari bilan tanishtirildi.  

—  Geologiya sohasida olib borayotgan islohotlarimizni, eng avvalo texnikalarni yangilash hamda ko‘paytirishdan boshladik, — deydi Toshkent markaziy geologiya-qidiruv ekspeditsiya rahbari Bektosh Eshmirzayev.— Hozirgi kunda jamiyatda 78 dona zamonaviy yuqori texnologik va 12 dona boshqa turdagi burg‘ulash uskunalari, 41 dona maxsus texnika, 62 dona suv tashuvchi maxsus avtotransport, 59 dona yo‘l qurilish texnikalari mavjud. Ushbu texnikalar dalada ish olib borayotgan geologiya-qidiruv ishlariga xizmat ko‘rsatadi. Bunday texnikalar albatta ish unumdorligi va belgilangan rejalarni o‘z vaqtida bajarishga xizmat qiladi.    

Aksiyadorlik jamiyati tarkibida respublikamiz hududida geologik qidiruv ishlarini olib borish uchun 4 ta ekspeditsiya mavjud. Xususan, Qizilqum, Hisor, Samarqand va Toshkent markaziy geologiya-qidiruv ekspeditsiyalari hamda Markaziy laboratoriya, Markaziy ishlab chiqarish bazasi va Kompleks geologik geofizika partiyasi, shuningdek, “Geoburxizmat” uchastkalari mavjud.  

Bu tashkilotlar geologiya-qidiruv sohasidagi ishlar samaradorligini va natijadorligini oshirishga xizmat qilib kelmoqda.    

Markaziy laboratoriyada asosan olib kelingan namunalarning tahlil ishlari olib boriladi. Ya’ni, olib kelingan elementlarning tarkibida qancha oltin, kumush, mis, rux, qo‘rg‘oshin kabi elementlar borligi aniqlanadi.  

—Geologiya, eng avvalo izlashdan boshlanadi, — deydi Toshkent markaziy geologiya-qidiruv ekspeditsiyasining bosh geologi Mahmud Jumaqulov. — Keyin baholash va qidiruv ishlariga o‘tamiz. O‘sha jarayonda biz namunalar olib, ular laboratoriyaga topshiriladi. Laboratoriyada mavjud metall va elementlarning miqdorini aniqlaymiz. Asosan oltin, kumush, rangli metallar va noyob yer elementlarini qidiramiz.  

Toshkent markaziy geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi ikkita dala ekspeditsiyasidan iborat. Birinchisi, “Sharqiy-Qurama” dala ekspeditsiyasi. Bugungi kunga qadar Qizil olma va Chodak ma’dan maydonlarida nodir va rangli metallarni geologik izlash va baholash ishlari 13 ta loyiha asosida olib borilayapti. 

Bulardan 6 ta loyiha davlat byudjeti va 7 ta loyiha maxsus mablag‘lar hisobidan amalga oshirildi. Ikkinchisi, Olmaliq dala ekspeditsiyasi bo‘lib, unda joylashgan Qalmoqqir koni o‘zining ko‘lami va olinadigan foydali qazilma boyliklari turfaligi tufayli dunyodagi barcha geologik darsliklarga kiritilgan.    

Shuni alohida ta’kidlab o‘tish kerakki, bugungi kunda geologiya sohasida respublika mineral-xom ashyo bazasini rivojlantirishda “O‘zbek geologiya qidiruv” AJ tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalarning o‘rni ahamiyatlidir.    

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida kelgusida respublikaning 60 ming kvadrat kilometr maydonida geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish vazifasi qo‘yildi.  

Nigora Rahmonova,  

Abror Sodiqov(Video) O‘zA

Bo‘lishish

Foydali havolalar