- Asosiy
- Matbuot markazi
- Yangiliklar
Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar huquqiy maqomi hamda ularning mezonlari va reyestri eʼlon qilindi
Joriy yilda Reyestrga kiritilgan Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar 2027-yil 1-yanvardan boshlab Moliyaviy hisobotning xalqaro standarti (MHXS) asosida buxgalteriya hisobi yuritilishini tashkil etadi hamda 2028-yil yakuniga koʻra moliyaviy hisobotlarni MHXSga muvofiq tuzish va ularni auditorlik xulosalari bilan birga eʼlon qilishni amalga oshiradi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligining taklifiga asosan moliyaviy hisob tizimiga xalqaro talab va standartlarni joriy etishga qaratilgan islohotlarni davom ettirishning navbatdagi bosqichi sifatida jamiyat va iqtisodiyot uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan tadbirkorlik subyektlariga nisbatan ularning moliyaviy hisobotlari, auditi va boshqaruviga alohida talablar belgilanadigan Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar (Public interest entities — PIE) huquqiy maqomi joriy qilindi.
Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar toifasiga kiritish mezonlari, ularning moliyaviy hisobotlari va auditiga qo‘yiladigan talablar hamda Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomga asosan (ro‘yxat raqami 3736, 27.12.2025-y.) Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar toifasiga kirish mezonlari talablariga javob beradigan tashkilotlar (kompaniyalar) Reyestri maxsus vakolatli organ – Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Markaziy bank bilan birgalikda shakllantirildi.
Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar Reyestriga kirgan tashkilotlar umumiy soni joriy yilning iyun oyida jami 425 tani tashkil etib, mezonlar boʻyicha quyidagilarni tashkil etadi:
listingga kiritilgan va ommaviy savdolarga chiqariladigan (Publicly Traded Entity) tashkilotlar – 96 ta;
tijorat banklari, mikromoliya banklari, mikromoliya tashkilotlari, faktoring tashkilotlari, ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari va kafolatlar berish tashkilotlari, toʻlov tizimi operatorlari, toʻlov tashkilotlari – 226 ta;
investitsiya fondlari va birjalar – 14 ta;
ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi ellik foiz va undan ortiq boʻlgan hamda aktivlari va sof tushumiga qoʻyilgan talablarga toʻgʻri keladigan davlat ishtirokidagi korxonalar – 44 ta;
ketma-ket oxirgi 2 kalendar yil davomida aktivlari va sof tushumi bazaviy hisoblash miqdorining 1 mln baravari va undan ortiq boʻlgan hamda xodimlari soni 500 nafardan kam boʻlmagan tashkilotlar – 132 ta.
Reyestr Hukumat portali yagona platformasida eʼlon qilindi: (https://gov.uz/oz/imv/sections/view/121389).
Joriy yilda Reyestrga kiritilgan Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar 2027-yil 1-yanvardan boshlab Moliyaviy hisobotning xalqaro standarti (MHXS) asosida buxgalteriya hisobi yuritilishini tashkil etadi hamda 2028-yil yakuniga koʻra moliyaviy hisobotlarni MHXSga muvofiq tuzish va ularni auditorlik xulosalari bilan birga eʼlon qilishni amalga oshiradi, qonunchilik hujjatlarida MHXSga oʻtishning ertaroq muddatlari nazarda tutilgan yuridik shaxslar bundan mustasno.
Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlarning huquqiy maqomi hamda ushbu toifaga kirish mezonlari va tashkilotlar reyestrining shakllantirilishi Oʻzbekistonda moliyaviy hisobot va audit tizimining shaffofligi hamda sifatini oshirishga xizmat qiladi. Bu jamoatchilik va investorlar manfaatlariga taʼsir koʻrsatuvchi tashkilotlar faoliyati ustidan samarali monitoringni taʼminlaydi, korporativ boshqaruvni takomillashtiradi, moliyaviy hisobotning xalqaro standartlarini qoʻllashni kengaytiradi va mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshiradi.
