1. Asosiy
  2. Matbuot markazi
  3. Yangiliklar

“Halollik marafoni: 3 soha – 1 tamoyil” mavzusida ochiq muloqot o‘tkazildi

12

Joriy yilning 12-noyabr kuni “O‘zbek geologiya qidiruv” aksiyadorlik jamiyatida e’lon qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi” doirasida targ‘ibot tadbiri tashkil etildi. Mazkur tadbir O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi bilan imzolangan Memorandumda belgilangan hamkorlik yo‘nalishlari asosida “Halollik marafoni: 3 soha – 1 tamoyil” mavzusida ochiq muloqot shaklida o‘tkazildi.

Tadbir “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston Sudyalar assotsiatsiyasi, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda “O‘zbek geologiya qidiruv” AJ hamkorligida tashkil etildi.

Ochiq muloqotda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, soha mutaxassislari hamda jamiyat xodimlari ishtirok etdi.

Tadbir davomida “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisi o‘rinbosari Abdukamol Rahmonov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi Oydin Abdullayeva, O‘zbekiston Sudyalar assotsiatsiyasi raisining o‘rinbosari Fayzulla Abduazimov, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi professori, polkovnik Sharif Qobilov, “O‘zbek geologiya qidiruv” AJ bosh muhandisi o‘rinbosari Bektosh Eshmurzayev, jamiyat Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat xizmati boshlig‘i Dodoxon Saidaxborov hamda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘limi bosh mutaxassisi Azizjon Merdjalilovlar ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.


Ma’ruzalarda fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda ochiqlik, shaffoflik va jamoatchilik nazoratining ahamiyati, odil sudlovning adolatli jamiyatni shakllantirishdagi o‘rni, halollik va korrupsiyaga murosasiz munosabatni qaror toptirish, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, erishilgan natijalar va ustuvor vazifalar atroflicha yoritildi.

Shuningdek, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tizimida korrupsiyaning oldini olish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik, ichki nazorat mexanizmlarini takomillashtirish hamda sohada korrupsiyaga qarshi kurashish borasida erishilgan natijalar haqida ma’lumot berildi.

Ochiq muloqot davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar, mavzu yuzasidan fikr va takliflarini bildirdilar. Tadbir yakunida jamiyat xodimlari o‘rtasida korrupsiyaga oid tushuncha va atamalar bo‘yicha bilimlarni sinovdan o‘tkazish maqsadida savol-javob hamda bilimlar sinovi tashkil etildi.

Ta’kidlash joizki, bunday targ‘ibot tadbirlari xodimlarning huquqiy savodxonligini oshirish, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, mehnat jamoasida halollik, ochiqlik va shaffoflik tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Zero, korrupsiyaga qarshi kurashish faqatgina alohida tashkilotlarning emas, balki har bir fuqaro va jamoaning umumiy mas’uliyatidir.

“O‘zbek geologiya qidiruv” AJ
Axborot xizmati

Bo‘lishish

Foydali havolalar