- Asosiy
- Matbuot markazi
- Yangiliklar
Geologiya – milliy iqtisodiyotning asosiy poydevori
Geologiya-qidiruv ishlari natijasida mineral-xomashyosi boy mamlakatlarning iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanish ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lganligi tarixdan maʼlum. Bu borada O‘zbekiston ham yer osti tabiiy boyliklariga boy davlatlardan biri hisoblanadi. Uning zaminida sanoat va investitsiyalar o‘sishi uchun asos yaratuvchi oltin, uran, mis, kamyob yer metallari va boshqa strategik zaxiralar mavjud. Sohaning alohida ahamiyatini inobatga olgan holda, 2021 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan «O‘zbek geologiya qidiruv» aksiyadorlik jamiyati tashkil etilib, uning zimmasiga geologiya-qidiruv ishlarini modernizatsiya qilish va rivojlantirish vazifasi yuklatildi.
Bugun barqaror taraqqiyot, “yashil” energetika va strategik xomashyo turlariga jahon hamjamiyatining qiziqishi ortib borayotgan bir paytda geologiya-qidiruv ishlarining ahamiyati milliy iqtisodiyot doirasidan chiqib, xalqaro drayver sohaga aylanmoqda.
So‘nggi yillardagi islohotlar natijasida yurtimiz har tomonlama o‘sish va rivojlanishda dadil qadamlar qo‘yib bormoqda. Albatta, bu o‘zgarishlar davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan odilona siyosat natijasidir. Bugungi kunda barcha tarmoqlar kabi geologiya sohasini rivojlantirishning huquqiy asoslari mustahkamlandi. Geologiya sohasi korxonalarini ilg‘or xalqaro tajriba asosida transformatsiya qilish orqali ularda samarali boshqaruv tizimini joriy etish, foydali qazilmalarning yangi konlarini ochishga yo‘naltirilgan geologiya-qidiruv ishlari tannarxini pasaytirish, konlarni sanoatda o‘zlashtirish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalar oqimini ko‘paytirish maqsadida 2021 yil «Markaziy laboratoriya» DUK, “Samarqandgeologiya” AJ, “Surxongeologiya” AJ, “Toshkentgeologiya” AJ, “Qizilqumgeologiya” AJ, “Geoburtexnika” DUK va “Hisorgeologiya” AJlarni qo‘shib yuborish orqali ular negizida «O‘zbek geologiya qidiruv» AJ tashkil etilgan edi. Natijada, O‘zbekiston hududida geologiya qidiruv ishlariga xizmat ko‘rsatuvchi zamonaviy korporativ boshqaruv tizimiga ega yagona bir katta tashkilot paydo bo‘ldi. Bu transformatsiya jarayoni nafaqat boshqaruvda, balki geologiya-qidiruv ishlari samaradorligi va natijadorligini oshirishga katta xizmat qildi. O‘tgan davrda korxona sohaga zamonaviy va yuqori samarali uskunalarni, ilg‘or texnika va innovatsion texnologiyalarni joriy etish hamda sohani modernizatsiya qilish hisobiga geologiya qidiruv ishlarini uch barobarga oshirdi.
Bugungi kunda jamiyatda 4,5 mingdan ziyod malakali mutaxassislar faoliyat olib boradi. Jamiyat tarkibida 4 ta markaziy geologiya qidiruv ekspeditsiyalari va Regional markaziy geologiya tasvirlash ekspeditsiyasi, Markaziy geologiya geofizika ekspeditsiyasi, shuningdek, 5 ta analitik laboratoriyalar, 13 ta dala ekspeditsiyasi mavjud bo‘lib, ular respublikamiz bo‘ylab geologiyaqidiruv ishlarini jadal amalga oshirmoqda.
Mamlakatimiz iqtisodiyotining tayanchi, sanoatning qon tomiri bo‘lgan geologiya sohasida yangi davr boshlandi. Sohaga eng ilg‘or texnologiyalar olib kelindi. Natijada yer osti boyliklari zaxirasi va prognozlari karrasiga o‘sdi. Sohaga 3D seysmorazvedka, ayerogeofizika, raqamli geologiya joriy etildi.
Geologiya-qidiruv ishlari – bu ko‘zga ko‘rinmas, ammo mashaqqatli mehnat hisoblanadi. Geologlarning har bir topilmasi – yangi zavod, yangi ish o‘rnidir. Barchamizga maʼlumki, O‘zbekiston tabiiy resurslarga boy mamlakat hisoblanadi. Ayniqsa, sanoat uchun muhim bo‘lgan volfram, molibden, magniy, litiy, germaniy, grafit va titan kabi 30 dan ortiq texnologik minerallar mavjud. Bu kabi foydali qazilmalarni izlab topish natijasida konchilik, metallurgiya, energetika, kimyo va qurilish sanoatining barqaror ishlashi uchun poydevor bo‘ladi. Afsuski, ilgari bu salohiyat to‘liq ro‘yobga chiqarilmagan, foydali qazilmalarni izlash, texnogen chiqindilarni qayta ishlash va mahsulotga aylantirish borasida yetarlicha investitsiya jalb etilmagan edi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan geologiya sohasini yangi bosqichga olib chiqilishi natijasida bugun yangi konlar ochilib, sanoat tarmoqlari kengaymoqda.
«O‘zbek geologiya qidiruv» AJ o‘tgan 4 yil mobaynida 13 000 km2 maydondan ziyod hududda batafsil geologiya qidiruv ishlarini olib bordi. Geologiya-qidiruv ishlari natijasida 20 ga yaqin konlarning zahiralari hisoblab chiqildi va davlat zahiralari komissiyasida tasdiqlandi. Xususan, Avliyo, Ko‘rmitin, Aqba, Hayotboshi, Zimbiltau, Vodiy (oltin), Miskon (mis), O‘rikli, Nilyu (ko‘mir), Sariko‘l, Xo‘jadiq (volfram), Xondiza, Maydonsoy, Lashkerek (polimetall), Ko‘rg‘ontosh, Tyubegatan (kaliy), Sho‘rop (gips), Vandon (qum-shag‘al) kabi konlar shular jumlasidandir.
Bu kabi foydali qazilmalar yashil energetika, elektromobil va yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarishga xizmat qiladi. Shuni alohida taʼkidlash kerakki, geologiya sohasi iqtisodiyotning asosiy tayanchi, investitsiya va eksport manbai, energetika va sanoat rivojlanishining kaliti, shuningdek, hududiy infratuzilma va bandlikni taʼminlovchi omil hisoblanadi.
Taʼkidlash joizki, qonunchilik va tashkiliy asoslar mustahkamlanib, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan yirik loyihalar bo‘yicha ishlar ko‘paymoqda. Eng muhim vazifalardan biri – zamonaviy texnologiyalar asosida qimmatbaho xom-ashyoni rudadan ajratib olish, uni tozalash va yuqori sifatli mahsulotga aylantirishdir. Bu borada «O‘zbek geologiya qidiruv» AJ muhim rol o‘ynamoqda. Jamiyat foydali qazilmalarni aniqlash, ularni sanoatga yo‘naltirish bo‘yicha salmoqli loyihalarni amalga oshirmoqda. Geologik izlanishlar o‘rta va uzoq muddatli dasturlar asosida olib boriladi hamda ular har yili yangilanib boriladi. Bugungi kunda eng faol geologiya qidiruv ishlari Navoiy, Samarqand, Toshkent va boshqa viloyatlarning tog‘ va tog‘ oldi hududlarida keng ko‘lamda olib borilmoqda. Foydali qazilmalar resurslarini va zaxiralarini oshirish aksiyadorlik jamiyati oldida turgan asosiy fazifalardandir.
Islohotlar tufayli sohaga ilg‘or uskunalar, innovatsion texnologiyalar joriy etildi. Bu esa o‘z navbatida ish sifati va surʼatini sezilarli darajada oshirdi. Bugungi kunda «O‘zbek geologiya qidiruv» AJ chuqurligi 2 km gacha bo‘lgan foydali qazilmalar uchun mo‘ljallangan ko‘p yo‘nalishli burg‘ilash uskunalarining eng yirik parki hisoblanadi. Sohani rivojlantirish bo‘yicha Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi qo‘llab quvvatlovi va amalga oshirilgan muhim chora-tadbirlar natijasida «O‘zbek gelogiya qidiruv» AJ 50 donadan ortiq jahon standartlariga mos zamonaviy gidravliklashtirilgan DBC Makina kompaniyasining ESD-9, S-15,21 va SONMAK kompaniyasining RX-4 markali burg‘ilash uskunalari xarid qilinib, ish jarayoniga tatbiq qilindi va buning natijasida burg‘ilash parki 56 foizga yangilanib, burg‘ilash uskunalari 151 taga, yordamchi maxsus texnikalar 400 dan oshdi.
Hozirgi davr geologiya sohasining yangi bosqichi bo‘lib, ilgari o‘rganilmagan maydonlar bugun to‘liq qamrab olinmoqda. Yil sayin foydali qazilmalar ro‘yxati kengaymoqda, zamonaviy uslublar, jumladan, aero-geofizika usuli qo‘llanilmoqda. Bu usul havodan turib yer qatlamining geofizik xususiyatlarini tez va aniq o‘rganish imkonini beradi. Ilgari konlarni aniqlash uchun o‘n yillar kerak bo‘lgan bo‘lsa, hozir bu ish bir necha yil ichida amalga oshirilmoqda.
2025 yilda «O‘zbek geologiya qidiruv» AJ tomonidan 100 dan ortiq loyiha doirasida geologiya qidiruv ishlari rejalashtirilgan. Hozir mineral-xom ashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklash davlat dasturi doirasida oltin, kumush, mis, qo‘rg‘oshin, rux, volfram kabi rudali foydali qazilmalar hamda qurilish materiallari va kimyo sanoatida qo‘llanadigan resurslar bo‘yicha ham ishlar bajarilmoqda.
Aksiyadorlik jamiyati geologik burg‘ilash quduqlarida qo‘llaniladigan yuvuvchi suyuqliklarni tayyorlashda zamonaviy kimyoviy reagentlardan foydalanmoqda. Bu esa o‘z navbatida burg‘ilash quvurlarini, nasos mexanizmlarini, olmosli asboblarni uzoq muddat xizmat qilishiga va kern namunalarini sifatli olishga xizmat qilmoqda. Zamonaviy kimyoviy reagentlar ish unumdorligini oshirish bilan bir qatorda atrof-muhitga zararli taʼsir darajasini kamaytiradi.
«O‘zbek geologiya qidiruv» AJ tomonidan amalga oshirilayotgan modernizatsiya jarayonlari doirasida raqamli texnologiyalar asosida ish jarayonlarini optimallashtirish, maʼlumotlar bazasini markazlashtirish va xalqaro standartlarga muvofiq geologik axborotlarni tayyorlashga yo‘naltirilgan ishlar keng ko‘lamda olib borilmoqda. 2023 yildan boshlab, geologik, geofizik va geokimyoviy maʼlumotlarni yagona elektron ko‘rinishga o‘tkazish, ularni markazlashgan bazada saqlash va tezkor foydalanish imkoniyatini yaratish maqsadida Geobank va Geobank Mobile tizimi joriy etildi. Geobank da saqlanayotgan maʼlumotlar JORC va CRIRSCO xalqaro kodekslari talablariga javob beradi. Bu esa xalqaro investorlar uchun hisobotlar tayyorlash, geologik izlanishlarda sifat kafolatini oshirish hamda qidiruv va qazib olish jarayonlarini xalqaro amaliyotga muvofiq tashkil etish imkoniyatini beradi.
Bugun aksiyadorlik jamiyati tomonidan zamonaviy burg‘ilash uskunalari orqali olayotgan kern namunalari 100 foizga yetib, tahlillar aniqligini oshirmoqda. Shuningdek, jamiyat tarkibidagi laboratoriyalarda namunalarni sifatli tahlil qilish va uning tarkibidagi elementlarni aniq ko‘rsatib berish uchun 150 dan ziyod zamonaviy jihozlar asosida tahlillar amalga oshirilmoqda. Qolaversa, kimyoviy elementlar soni ham oshib, 70 ga yaqin elementga tahlil jarayonlari o‘tkazilmoqda. Bu esa yer qaʼridagi noyob elementlar va kamyob metallar bo‘yicha aniq, sifatli maʼlumotlar olishga xizmat qiladi.
Zamonaviy geologiya-qidiruv ishlarini raqamli texnologiyalarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ishlab chiqarish jarayonlarining har bir bosqichiga raqamlashtirish va avtomatlashtirish jarayonlari joriy etilmoqda. Jamiyat ham ushbu yo‘nalishda ilg‘or tajribalarni o‘z faoliyatiga tatbiq etmoqda. Avvalo, raqamli texnologiyalar ish jarayonlarini real vaqt rejimida nazorat qilish imkonini bermoqda. Yaʼni ekspeditsiyalarda olib borilayotgan burg‘ilash ishlari, ishchi kuchidan foydalanish, texnik resurslar sarfi, hatto yo‘qotishlar yoki ortiqcha xarajatlar onlayn tarzda ko‘rilmoqda. Bu jarayonlar foto va video lavhalar bilan hujjatlashtirilib, tezkor qaror qabul qilish imkonini yaratmoqda.
Shamsiddin ALIMOV,
«O‘zbek geologiya qidiruv» AJ Boshqaruv raisi
