1. Asosiy
  2. Matbuot markazi
  3. Yangiliklar

Davlat eʼtibori – taraqqiyot kafolati

16

Bugungi kunda Oʻzbekiston iqtisodiy siyosatida yer osti boyliklaridan samarali foydalanish, mineral-xom ashyo bazasini kengaytirish va sanoatni barqaror rivojlantirish ustuvor yoʻnalishlardan biri hisoblanadi. Davlatimiz rahbari alohida taʼkidlanganidek, geologiya sohasi har qanday davlat iqtisodiy mustaqilligi va sanoat rivojining poydevoridir. Ayniqsa, global raqobat kuchayib borayotgan bir sharoitda yangi konlarni aniqlash, resurslarni chuqur qayta ishlash va qoʻshimcha qiymat yaratish dolzarb vazifaga aylanmoqda. Yaqinda Prezidentimiz Farmoniga koʻra bir guruh soha fidoyilari davlatimizning yuksak unvonu mukofotlariga sazovor boʻldi va ular orasida “Oʻzbek geologiya qidiruv” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining oʻrinbosari — bosh geologi Elmurod Hasanovich Ergashev ham bor. U sohada oʻtgan yil mobaynida sohada amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi rejalar haqida quyidagilarni soʻzlab berdi.

—Avvalo, geologiya xodimlari kuni munosabati bilan yoʻllagan samimiy tabrigi va berilgan yuksak mukofot uchun Prezidentimizga oʻz minnatdorchiligimni izhor etaman. Yurakdan aytilgan bir ogʻiz shirin soʻz insonga nechogʻlik kuch beradi, yuksak unvon esa odamni behad quvontiradi. Chunki bu sohamizga boʻlgan cheksiz hurmat belgisidir. Agar keyingi bir yillik faoliyatimizga nazar tashlasak, raqamlarda barchasi yaqqol koʻzga tashlanadi. Oʻtgan yil AJ tizimida 141 ta loyiha doirasida oltin, mis, kumush, qoʻrgʻoshin, rux, volfram va boshqa foydali qazilmalar boʻyicha keng koʻlamli qidiruv ishlari olib borildi. Natijada 20 ta loyiha muvaffaqiyatli yakunlanib, aniqlangan zaxiralar davlat balansiga qabul qilindi. Prezidentimizning “resurs bazasini kengaytirish orqali iqtisodiy oʻsishni taʼminlash” strategiyasiga amal qilgan holda raqamlashtirishga jiddiy kirishganmiz. Shuningdek, zamonaviy aerogeofizik texnologiyalarni joriy etish orqali katta hududlarni qisqa vaqt ichida oʻrganish imkoniyati yaratilgan. “Aerobus H125” vertolyotlari asosida olib borilayotgan tadqiqotlar, dronlar va yangi geofizik uskunalar esa qidiruv samaradorligini keskin oshirmoqda.


Joriy yildan esa Markaziy Qizilqum hududida 60 ming km² maydonda aerogeofizik tadqiqotlarni amalga oshirishga kirishdik. Albatta geologiya-qidiruv ishlarining samaradorligi laboratoriya tahlillarining yuqori darajada boʻlishiga bogʻliq. Shu bois jamiyat tarkibidagi 5 ta laboratoriyalarni zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlanishiga ham mutaxassislar malakasini oshirishga ham jiddiy eʼtibor qaratganmiz. Shunga muvofiq ravishda yil davomida 750 mingdan ortiq tahlillar oʻtkazildi va ularning aniqligi xalqaro standartlarga mos ravishda 0.01 ppm darajani tashkil etmoqda. Markaziy laboratoriyaning ISO 17043:2025 standarti boʻyicha akkreditatsiyadan oʻtgani ham sohamizning global talablarga moslashayotganidan dalolatdir.

Faoliyatimiz mamlakatimizdagi yirik sanoat korxonalari — Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinati hamda “Navoiyuran” korxonasi bilan chambarchas bogʻliq. Shu hamkorlikka koʻra oʻtgan yil 754 ming pogona metr burgʻilashni, 118 ming pogona metr geotexnologik quduqlar qazishni, 6,5 mingdan ziyod p.m. yer osti togʻ-kon lahm oʻtish yoʻllarini, 323 ming m³ yer usti lahm qazish ishlarini amalga oshirdik. Bu koʻrsatkichlar nafaqat jamiyatimiz resurs bazasini kengaytiradi, balki davlat byudjeti daromadlarini oshirish, yangi ish oʻrinlari yaratishga xizmat qiladi. Qolaversa kelgusida geologiya qidiruv ishlarini yangi bosqichga koʻtarishga davlat eʼtibori yanada kuchayadi. Davr talabi — shu. Chunki davlatimiz rahbarining soha vakillariga yoʻllagan tabriklarida aytib oʻtilganidek, yurtimizda oltin ishlab chiqarishni – 1,5 barobarga, kumushni – 3 karraga, misni – 3,5-martaga, uran, temir va koʻmirni – 3 hissaga oshirish belgilangan. Bu oʻz navbatida tizimdagi har bir mutaxassis zimmasiga katta masʼuliyat yuklaydi hamda bu ulugʻvor vazifalarni bajarishga butun kuch va bilimimizni safarbar etamiz. Bunga aslo shubha yoʻq.

Abdunabi ALIQULOV, “Xalq soʻzi”.

Bo‘lishish

Foydali havolalar