- Asosiy
- Matbuot markazi
- Yangiliklar
Aerogeofizika bo‘yicha xalqaro hamkorlik
Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tarkibidagi "O‘zbek geologiya qidiruv" aksiyadorlik jamiyati aerogeofizik tadqiqotlarni amalga oshirish uchun TOP kompaniyalari sirasiga kiruvchi dunyoning eng yirik global yetakchisi hisoblangan “Xcalibur Smart Mapping” kompaniyasi bilan istiqbolli maydonlarni aniqlashga qaratilgan qo‘shma hamkorlik shartnomasini imzoladi.



Mazkur strategik bitim mamlakatimizning geologiya-qidiruv ishlarida zamonaviy usullarni joriy qilish, xususan ilg‘or aerogeofizika uskunalari va sun’iy intellekt orqali yer osti boyliklarini hamda yangi ma’danli konlarni ochish uchun istiqbolli maydonlarni bir necha barobar tez aniqlash imkonini beradi.
Qo‘shma loyiha doirasida O‘zbekistonning geologik jihatdan murakkab va hali to‘liq o‘rganilmagan, yer qarining chuqur sathlarini, tog‘li hamda cho‘l hududlarini "Xcalibur Smart Mapping" kompaniyasining maxsus geofizik uskunalari bilan jihozlangan xavo kemalari orqali aerogeofizik ishlari amalga oshiriladi.
Loyiha faqat ma’lumot yig‘ish bilan cheklanib qolmaydi. Hamkorlik doirasida havodan olingan ulkan hajmdagi geofizik ma’lumotlar Xcalibur kompaniyasining ilg‘or sun’iy intellekt va mashinali o‘qitish algoritmlari yordamida raqamli formatga o‘tkaziladi. Natijada, O‘zbekistonning geologik maydonlarining mukammal raqamli 3D modellari yaratilib, burg‘ilash quduqlarini qayerda va qanday chuqurlikda o‘tish kerakligi aniq ilmiy asoslab beriladi. Bu esa qidiruv sarf-xarajatlarini va vaqtni keskin tejaydi.
Bugungi kunda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi oldida mamlakatimizning mineral-xomashyo salohiyatini mustahkamlashni jadallashtirish hamda sohani xalqaro talablar, zamonaviy texnologiyalar asosida rivojlantirishdek g‘oyat dolzarb vazifa turibdi. "Xcalibur Smart Mapping" bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik bu boradagi strategik qadamlarimizdan biridir. Ushbu shartnoma ilg‘or aerogeofizik texnologiyalarni amaliyotga joriy etish, yangi istiqbolli kon maydonlarini aniqlash va geologiya-qidiruv ishlarini tizimli rejalashtirishda yangi marralarni ochadi. Ishonchim komilki, aksiyadorlik jamiyat geologlarining ko‘p yillik tajribasi hamda xorijiy hamkorlarimizning ilg‘or texnologik imkoniyatlari uyg‘unligi kelajakdagi yirik sarmoya loyihalari uchun poydevor bo‘lib xizmat qiladi.“ – dedi Shamsiddin Alimov.
“O‘zbek geologiya qidiruv” AJ va xorijiy hamkorlar qayd etganidek, ushbu loyihadan olingan yuqori sifatli geologik ma’lumotlar xalqaro standartlarga ESG tamoyillariga to‘liq mos keladi. Bu esa kelgusida Respublikamizning tog‘-kon sektoriga xorijiy investorlarni va yirik tog‘-kon korporatsiyalarini minimal xatarlar bilan jalb qilishda eng kuchli va ishonchli vositaga aylanadi.
Shuningdek, dasturda magnit, radiometrik va iCORUS-iX skalyar gravimetrik tadqiqotlar samolyotga o‘rnatilgan TEMPEST™ hamda vertolyotda qo‘llaniladigan HeliTEM™ vaqt sohasidagi elektromagnit tadqiqotlari, shuningdek FALCON™ havo gravitatsion gradiyentometriyasi bilan birlashtiriladi. Olingan ma’lumotlar geologik talqin va foydali qazilmalarni keyingi izlash uchun istiqbolli maydonlarni aniqlashga yordam beradi. Ushbu texnologiyalarning ayrimlari Markaziy Osiyodagi mintaqaviy aerogeofizik xaritalash dasturida ilk bor qo‘llaniladi.



Qo‘shma hamkorlik loyihasi doirasida, O‘zbekistonlik yosh geologlar va muhandislar uchun geofizika ma’lumotlarini qayta ishlash bo‘yicha xalqaro malaka oshirish va tajriba almashish dasturlari hamda treninglar tashkil etilishi belgilangan.
