- Главная
- Пресс-центр
- Новости
Vatan himoyasi — muqaddas burch va sharaf
Vatanni himoya qilish, uni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash yurtimizning har bir farzandi uchun muqaddas burchdir. Vatan himoyachilari kuni nafaqat bugun harbiy xizmatni o‘tayotgan mard va jasur askarlar, balki armiyada munosib xizmat qilib qaytgan vatandoshlarimiz hamda kelajakda Vatan oldidagi muqaddas burchini ado etishga hozirlanayotgan navqiron yigitlarimizning ham bayramidir.
Ona yurtimiz azaldan o‘zining mard, jasur va fidoyi o‘g‘lonlari bilan faxrlanib kelgan. Yigitlarimiz ota-onasi, oilasi va yashab turgan yurt tuprog‘ini muqaddas deb bilib, Vatan himoyasi yo‘lida doimo shay turishni o‘zlarining sharafli burchi deb hisoblaydi.
14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Samarqand markaziy geologiya qidiruv ekspeditsiyasida bayram tadbiri tashkil etildi. Tadbirga Samarqand viloyati Ma’naviyat va ma’rifat markazi targ‘ibotchisi, O‘zbekiston Jurnalistlar hamda Xalqaro yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir va jurnalist Ibragimov Zubaydullo Ibodovich taklif etilib, ijodiy uchrashuv o‘tkazildi.
Shoir va jurnalist Z. Ibragimov tadbir ishtirokchilarini bayram bilan samimiy muborakbod etib, Vatan, do‘stlik, fidoyilik hamda mehr-oqibat mavzularidagi ijod namunalaridan o‘qib berdi. Shuningdek, Zubaydullo Ibodovich o‘zining nashrdan chiqqan kitoblar to‘plamini Samarqand markaziy geologiya qidiruv ekspeditsiyasi kutubxonasiga hadya qildi.
