1. Asosiy
  2. Matbuot markazi
  3. Press-konferensiyalar

Press-konferensiyalar

2024 yilda “O‘zbek geologiya qidiruv” AJ tarkibidagi Markaziy laboratoriya tomonidan amalga oshirilgan ishlar xususida
Assalomu alaykum! 2024 yilda “O‘zbek geologiya qidiruv” AJ tarkibidagi Markaziy laboratoriya tomonidan amalga oshirilgan ishlar xususida maʼlumot. 2024 yilda “O‘zbek geologiya qidiruv” aksiyadorlik jamiyati, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi korxonalari uchun bir qator tahliliy tadqiqotlar o‘tkazdi. Jumladan, - o‘lchovlarning bir xilligi tizimini yaratish, yaʼni turli laboratoriyalarda bitta namunani tahlil qilish natijalari normativ hujjatlarga muvofiq ruhsat etilgan og‘ishlar chegarasiga to‘g‘ri kelishi uchun sharoit yaratish kabi usullarni hamda o‘lchash usullarini, tog‘ jinslari va rudalar tarkibining standart namunalarini, tahliliy tadqiqotlarni amalga oshirilishini tartibga soluvchi meʼyoriy hujjatlarni ishlab chiqishni o‘z ichiga oladi. Ushbu yo‘nalishda 2024-yilda 11 ta o‘lchashni bajarish usuli qayta attestatsiyadan o‘tkazildi. Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tizimidagi korxonalar buyurtmalari asosida umumiy og‘irligi qariyb 1,5 tonna bo‘lgan tog‘ jinslari va ruda ishlab chiqaruvchilarning9 turdagi standart namunalari ishlab chiqildi. Uchta meʼyoriy-huquqiy hujjat qayta ko‘rib chiqildi va yangi tahrirda tuzildi. 2024-yilda soha ishlab chiqarish korxonalari va tashqi tashkilotlar uchun Markaziy laboratoriyaning ixtisoslashtirilgan laboratoriyalari tomonidan quyida keltirilgan hajmdagi tahliliy tadqiqot ishlari amalga oshirildi: - mineralogik tadqiqotlar - 1200 ta namuna; - oltinni sintillyatsiya usulida aniqlash - 63000 ta namuna; - oltin va kumush uchun asillik sinovlari - 43 000 ta namuna; - oltinni “zolotometriya” usulida o‘lchash - 40 000 ta namuna; - 120 000 ta ga yaqin namuna spektral usulda tahlil qilindi; - 20 000 ta ga yaqin namuna kimyoviy tahlil qilindi; - 43 000 ta namuna mass-spektral tahlili o‘tkazildi. Laboratoriya o‘tgan davr mobaynida Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi korxonalari buyurtmalari uchun tog‘ jinslari va rudalar ishlab chiqaruvchi standart namunalarini ishlab chiqardi. Natijada 2024 yil 26 dekabr sanasida O‘z DSt ISO 17034:2021 xalqaro standarti bo‘yicha standart namunalar ishlab chiqarish huquqi uchun O‘ZAK.SN.0001 akkreditatsiya guvohnomasi oldi. Markaziy laboratoriya “O‘zbek geologiya qidiruv” aksiyadorlik jamiyati vakili sifatida O‘zbekistonda bunday huquqqa ega bo‘lgan birinchi va yagona tashkilot hisoblanadi. Aniqlanish chegarasi 0,005 g/t bo‘lgan oltinni aniqlashning zamonaviy usuli, yaʼni atom yutilishi usuli bilan tugatiladigan asillik usuli Respublikamiz hududidagi geologik obyektlari sharoitiga moslashtirildi va Markaziy laboratoriyada ishlab chiqarish amaliyotiga joriy etildi. 2025-yildan boshlab asillik tahlilining asosiy qismi atom yutilishi bilan tugatiladi. Markaziy laboratoriya inspeksiya nazorati va qiyosiy tajribalar o‘tkazish orqali tarmoq laboratoriyalarining holatini nazorat qiladi. 2024-yilda 4 bosqichda laboratoriya malakaviy sinovlari va 7 ta inspeksiya tekshiruvi o‘tkazildi. “O‘zbekiston akkreditatsiya markazi” davlat muassasasi Markaziy laboratoriyaning mazkur yo‘nalishdagi faoliyatini atroflicha o‘rganib, 2024-yil 31-yanvarda Markaziy laboratoriyaga provayder sifatida tarmoq laboratoriyalari malakasini solishtirma tajriba yordamida tekshirish bo‘yicha ishlarni “Muvofiqlikni baholash” xalqaro standarti bo‘yicha amalga oshirish huquqini berdi. Shuningdek, ISO 17025:2019 bo‘yicha guvohnoma olish uchun hujjatlar “O‘zbekiston akkreditatsiya markazi” DMga topshirilib, ayni vaqtda ISO 17043:2024 bo‘yicha esa guvohnoma olish uchun hujjatlarni rasmiylashtirish jarayoni ketmoqda. 2024-yil 5-dekabr kuni “O‘zbek geologiya qidiruv” AJ Markaziy laboratoriyasida suv obyektlarini tahlil qilish muammolariga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Seminarda sohaning suv tahlilini o‘tkazuvchi barcha laboratoriyalari: Markaziy laboratoriya, Analitik laboratoriya majmuasi, “O‘zbek geologiya qidiruv” aksiyadorlik jamiyati, Gidrogeologiya va injenerlik geologiyasi instituti, Mineral resurslar instituti, Navoiy kon metallurgiya kombinati aksiyadorlik jamiyati, Olmaliq kon metallurgiya kombinati aksiyadorlik jamiyati, Toshkent markaziy geologiya qidiruv ekspeditsiyasi laboratoriyasi, “Navoiyuran” davlat korxonasi va boshqalar ishtirok etdi. Seminar ishtirokchilari tomonidan sohadagi gidrokimyo laboratoriyalaridagi muammolar muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi va manfaatdor tashkilotlarga yuborildi. Laboratoriyalar malakasini tekshirishning eng samarali usullaridan biri laboratoriyalararo qiyosiy sinovlar hisoblanadi. Markaziy laboratoriya MDH davlatlarida o‘tkaziladigan qiyosiy sinovlarda faol ishtirok etadi.  Ayniqsa, oxirgi vaqtlarda Markaziy laboratoriya Rossiya federatsiyasining “Minstandart” MCHJ ning PFO-5-2024 “Rudalar va ularni qayta ishlash mahsulotlari”; GSO-3-2024 “Tarkibida oltin va kumush bor rudalar”; PFO-3-2024 “Rudalar va ularni qayta ishlash mahsulotlari” dasturlari bo‘yicha uchta qiyosiy sinovlarda ishtirok etdi. Uchta holatda ham Markaziy laboratoriya o‘zining yuqori malakasini ko‘rsatdi va reytingda faxrli 2 o‘rinni egalladi. Aytish kerakki, 2024-yil qiyosiy sinovlar natijalariga ko‘ra Markaziy laboratoriya tahlillar sifati bo‘yicha MDH ning 149 laboratoriyasi orasida 2-o‘rin egalladi. O‘tgan davr mobaynida laboratoriya faoliyati bo‘yicha bir qator jo‘rnallarda maqolalar chop etildi.

26

“Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da jamiyat tomonidan yoshlar yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar
2024 yil “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da O‘zbek geologiya qidiruv aksiyadorlik jamiyati tomonidan yoshlar yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar xususida maʼlumot — “O‘zbek geologiya qidiruv” AJ tomonidan 2024 yil “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da yoshlar qo‘llab-quvvatlash, ularning kasbiy salohiyatini rivojlantirish, sportga jalb etish kabi yo‘nalishlarda bir qator ishlar amalga oshirildi. Bugungi kunda aksiyadorlik jamiyatida 4000 dan ortiq hodimlar faoliyat olib borayotgan bo‘lsa, shundan 1300 dan ziyod qismini yoshlar tashkil qiladi. Sohada yoshlarni bilim, malaka va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida o‘rta maxsus maʼlumotga ega bo‘lgan 77 nafar yoshlar jamiyat hisobidan oliy taʼlim muassalarida tahsil olishmoqda. Ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish, mehnatga haq to‘lash, mehnat muhofazasi, mehnatkashlar va ularning oila aʼzolarini sog‘lomlashtirish, ishchi-xizmatchilarning oylik maoshlarini o‘z vaqtida to‘lanishini nazorat qilish, madaniy-maʼrifiy va sport-sog‘lomlashtirish ishlari borasida 2024 yilda ham bir qator ishlar qilindi. “O‘zbek geologiya qidiruv” AJ tizimida mehnat qilayotgan ishchi-xodimlar hamda ularning oila aʼzolari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, maʼnaviy va jismoniy kamolotiga yordam berish, yosh avlodning jismoniy baquvvat va maʼnaviy ruxda tarbiyalash, sport turlari bilan shug‘ullanishlarini keng yo‘lga qo‘yish, sportning ommaviyligini taʼminlash borasida bir qancha ijobiy ishlar amalga oshirildi. Jumladan “O‘zbek geologiya qidiruv” AJ barcha tizim osti korxona va tashkilotlarida O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” degan bosh g‘oya asosida “Sport-salomatlik garovi” shiori ostidagi “O‘zbek geologiya qidiruv” AJ va birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasi kubogi sport musoboqalari tashkil etilib, 400 ga yaqin yoshlar qamrab olindi. Xotin-qizlarni sport turlari bilan muntazam shug‘ullanishlarini taʼminlash maqsadida sport to‘garaklariga yo‘llanma olib berildi. Shu bilan birga Kasaba uyushmasi tashkiloti tashabbusi bilan sohada faoliyat olib borayotgan yoshlarning bilimi, isteʼdodi va ijodiy qobiliyatini namoyon qilish, o‘zlarining ixtisosliklarini chuqur o‘rganish, shu orqali o‘z ustida ishlashni tashkil qilish, kasb mahoratini yuksaltirish, ilg‘or texnologiyalarni amaliyotda qo‘llash hamda sog‘lom raqobat muhitini yaratish va sohada xizmat ko‘rsatayotgan yosh mutaxassislarni har tomonlama moddiy va maʼnaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Yilning eng faol yosh mutaxassisi ko‘rik tanlovi tashkil etildi. Tanlov ikki yo‘nalishda “Yilning eng faol yosh muhandis texnik xodimi” va “Yilning eng faol yosh geologi” yo‘nalishlarida tashkil qilinib, jami 300 dan ziyod yoshlar qamrab olindi. 2024 yilda aksiyadorlik jamiyati tomonidan kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj va «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlarni salomatligini tiklash, xonadonini taʼmirlash va boshqa maqsadlarda jami 2 mlrd (1 983 687 638) so‘m miqdorda moddiy yordam asosida qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rildi. Bundan tashqari sohada faoliyat olib borayotgan yoshlarni yana-da qo‘llab-quvvatlash ularni qiynayotgan masalalarni bartaraf etish maqsadida aksiyadorlik jamiyati va tarkibiy bo‘linmalarida rahbar va yoshlar uchrashuvlari tashkil etildi. Ushbu uchrashuvlarda yoshlar o‘zini qiziqtirgan mavzulardagi savollarga rahbarlardan kerakli javoblarni olishdi. Bu kabi muloqotlar yil davomida uzluksiz tashkil etib kelinadi. Shuni alohida taʼkidlab o‘tish kerakki, jamiyat tomonidan faol va tirishqoq yoshlar doim rag‘batlantirilib yuqori lavozimlarga ko‘tarilib kelinmoqda. Zero, har bir xodim o‘zining eʼtibor markazida ekanligini his qilsa, faoliyat yuritayotgan korxonasiga, jamoasiga ko‘proq naf keltiradi, o‘z vazifasini chin dildan bajaradi. Aksiyadorlik jamiyati tarkibiy bo‘linmalarida har oyda yoshlar bilan uchrashib, ularning muammolarini hal qilish va salohiyatini yuzaga chiqarish, ularni bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirish orqali bandligini taʼminlash, hayotda o‘z o‘rnini topishi, shuningdek, huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishga har tomonlama ko‘maklashib kelmoqda. Shuni taʼkidlash joizki, yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy manfaatlarini himoya qilish ularning mehnatini alohida eʼtirof etish, moddiy va maʼnaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, madaniy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etish kabi masalalar tashkilotning birinchi galdagi vazifasidir.   “O‘zbek geologiya qidiruv” AJ Yoshlar yetakchisi - ACHILOV Akbar

25

Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘limi tomonidan amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’lumot
— Assalomu alaykum! — “O‘zbek geologiya qidiruv” AJ Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘limi tomonidan 2024-yilda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’lumot. Aksiyadorlik jamiyatning 2024-yil 29-yanvardagi 09-sonli buyrug‘i bilan “Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi amalga oshiriladigan chora-tadbirlar Dasturi” tasdiqlangan. Ushbu dasturga muvofiq 17 tadbir belgilab olinib 75 foizi belgilangan vaqtlarda 20 foizi ma’lum sabablarga ko’ra muddatidan kechiktirib bajarildi.          Jamiyatning boshqaruv apparatida 30 dan ortiq boshqarma va bo‘limlarda hamda mustaqil bo‘lmagan 7 ta hududiy tarkibiy bo‘linmalar kesimida korrupsiyaga qarshi kurashish tadbirlari amalga oshirildi.          Jamiyatda 20 dan ortiq korrupsiyaga qarshi va tartibga soluvchi ichki me’yoriy hujjatlar bo‘lib, barcha xodim va rahbar ushbu hujjatlar doirasida ish yuritadilar.          Tashkilotlarning korrupsiyaga qarshi samaradorlik reytingi E-antikor.uz platformasi orqali Korrupsiyaga qarshi menejment tizimida olib borilgan ishlar bo‘yicha baholash joriy etilishi sabab 2024 yil 19 fevraldagi 17-son buyruq bilan “Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash uslubiyoti” yangi tahrirda tasdiqlandi.             e-antikor.uz platformasi orqali aksiyadorlik jamiyatining funksiyalar doirasida ma’lumotlar to‘ldirildi. Natijada 30 ta funksiyalar xavf-xatarlar baholanish jarayonida 7 ta “Yuqori”, 9 ta “O‘rta” va 14 ta “Past” darajada qayd etildi. 2024 yil 17 may kuni mazkur xavf-xatarlarni bartaraf etish bo‘yicha 16 banddan iborat chora-tadbirlar Dasturi tasdiqlangan. Joriy yilning 25 dekabr kuniga dasturda belgilangan tadbirlar mezonlar doirasida bajarildi. Hamda bu mezonlar xavf-xatarlarning Yuqoridan-o‘rtaga, o‘rtadan-past darajaga tushishiga asos bo‘lishi mumkin. Manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish borasida 3940 nafar xodim tomonidan deklaratsiyalar to‘ldirildi. Jumladan, Markaziy apparatda 142 nafar, “Qizilqum” MGQEda 878 nafar, Markaziy laboratoriyada 82 nafar, “Samarqand” MGQEda 852 nafar, “Toshkent” MGQEda 620 nafar, “Xisor” MGQE 474 nafar “Regional” MGTE 856 naqar xodimlar deklaratsiyalarni to‘ldirdi. Hozirgi kunga kelib to‘ldirilgan deklaratsiyalarda yuzasidan 42 ta ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi mavjud bo‘lishi mumkinligi aniqlangan.          Kon-geologiya vazirligi tomonidan 2024-yil 12-sentyabrda 36-3403-sonli xat asosida taqdim etilgan ma’lumotlar asosida Jamiyatning 16 nafar xodimlari (shundan 3 nafari “Regionalgeologiya” DM xodimi) 17 ta tadbirkorlik sub’ektlarida rahbar yoki o‘z ulushiga ega ekanligi natijasida manfaatlar to‘qnashuvini keltirib chiqaruvchi vaziyat yuzaga kelgan. Ushbu holat yuzasidan 16 nafar xodimlarga bir oylik muddatda yuqoridagi holatlarni bartaraf etish yuzasidan ogohlantirish xatlari berildi ham 11 ta holat bartaraf etilib qolgan qismi bartaraf etish jarayonida. Joriy yil aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2024-yil davomida xaridlar sohasida jami 1854 ta shartnomalar rasmiylashtirilgan. Shulardan: - elektron do‘kon orqali – 1155; - koorporatsion birja orqali – 382; - auksion orqali – 255; - spot orqali – 9; - tanlov orqali – 39; - to‘g‘ridan-to‘g‘ri – 14. Barcha tuzilgan shartnomalarga korrupsiyaga qarshi bandlar kiritilgan. Korrupsiyaga qarshi bandlarni kiritishni rad etish holatlari mavjud emas. Kontragentlarni tekshirish borasida aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2024-yil davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-sentabrdagi PQ-3953-sonli qarori talablari asosida shartnoma imzolangan 14 ta yonilg‘i mahsulotlari bo‘yicha jami 86 308 727 600 so‘mlik, 39 ta eng yaxshi tanlov orqali 62 953 632 596,12 so‘mlik tuzilgan shartnoma yuzasidan 31 ta kontragentlarni tekshirish o‘tkazilib korrupsiyaviy holatlar (manfaatlar to‘qnashuvi) aniqlanmadi. To‘g‘ridan to‘g‘ri yetkazib beruvchilar bilan tuzilgan shartnomalarga hamda eng yaxshi tanlov bo‘yicha shartnomalarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qo‘shimcha bandlari kiritilishi yo‘lga qo‘yilgan. Hisobot davrida 57 ta ish o‘rniga jami 161 nafar nomzod tanlovdan o‘tkazildi. Shundan 57 nafari ishga qabul qilinib, nomzodlar kompeks tekshiruvdan o‘tkazildi. Shuningdek, aksiyadorlik jamiyatning 2024-yil 29-yanvardagi 09-sonli buyrug‘i bilan “Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi amalga oshiriladigan chora-tadbirlar Dasturi” ining 9-bandiga muvofiq Aksiyadorlik jamiyatining boshqarma, bo‘lim hamda tarkibiy bo‘linmalarda o‘qitish rejasi ishlab chiqilgan. 2024-yilning davomida 22 ta o‘quv seminarlari, 21 ta huquqiy targ‘ibot, profilaktik tadbirlar o‘tkazildi. Hamda tadbirlar doirasida 1120 rahbar va xodimlar qamrab olindi. Hisobot davrida xodimlarning korrupsiyaviy xatti-harakatlari, manfaatlar toʻqnashuvi, korrupsiyaga qarshi boshqa qonunbuzarliklar bilan bog‘liq masalalar to‘g‘risidagi aloqa kanallari orqali tarkibiy bo‘linmalar kesimida 2 ta bir turdagi, ya’ni Tarkibiy bo‘linmalar xodim va ishchilaridan qora va rangli metall parchalarini yig‘ishga yoki o‘rniga pul yig‘ish holati bo‘yicha anonim xabar kelib tushgan. Xabarlar bo‘yicha Aksiyadorlik jamiyati va uning tarkibiy bo‘linmalaridagi korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda ko‘maklashgan shaxslarni rag‘batlantirish masalasini ko‘rib chiquvchi Ishchi guruh tomonidan holatlar mingdan ortiq ishchi-xodim a’zo bo‘lgan telegram kanalida anonim so‘rovnoma o‘tkazildi. Xabarning anonimligi va tegishli dalil, hujjatlar mavjud bo‘lmaganligi sababli Ishchi guruh tomonidan tarkibiy bo‘linmalarning rahbariga qora va rangli metall parchalarini yig‘ib topshirish rejalarini topshirish bo‘yicha qat’iy topshiriqlar berildi, xodimlardan bu bo‘yicha majburlov va pul yig‘ishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha tushuntirildi. Tarkibiy bo‘linmalar rahbarlariga ogohlantirishlar berilib Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘limi tomonidan yillik dastur doirasida tarkibiy bo‘linmalarga uyushtirilgan xizmat safarlari davomida ishchi-xodimlar ishtirokida takroriy anonim so‘rovnomalar olish orqali monitoringni olib borish, monitoring natijalariga ko‘ra tarkibiy bo‘linmalar rahbarlariga jiddiy choralar ko‘rilishi belgilab olindi. Monitoring va nazorat tadbirlari doirasida “Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi amalga oshiriladigan chora-tadbirlar Dasturi”ga muvofiq yanvar-fevral oylarida Aksiyadorlik jamiyatining barcha tarkibiy bo‘linmalarini korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash yuzasidan auditdan o‘tkazilib, ayrim buyruqlarni Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘limi bilan kelishmaslik, ishga qabul qilingan xodimlarni Aksiyadorlik jamiyati ichki me’yoriy hujjatlari bilan to‘liq tanishtirilmaganligi, Xaridlarni muvofiqlashtirish va tahlil qilish boshqarmasi, Monitoring bo‘limi, Moddiy texnik-ta’minot bo‘limi, Xaridlar boshqarmasi, Marketing bo‘limi, Xaridlar bo‘limi va Innovatsion texnologiyalarni joriy etish va mineral xom ashyo bazasini rivojlantirish bo‘limlarning yillik ish rejasi ishlab chiqilmaganligi aniqlandi. Yuqoridagi holatlarni bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqilib birinchi chorak yakuniga qadar yakunlash belgilab yillik ish rejalari ishlab chiqildi. Ushbu dasturga muvofiq rag‘batlantirish va mukofotlar monitoringi o‘tkazilib, asossiz rag‘batlantirish va mukofot pullari to‘lanmagan. Har chorak yakunida Yoqilg‘i moylash maxsulotlari, to‘lovlar, rahbatlantirishlar, ishga qabul jarayonlari, Xaridlar sohalari monitoring tadbirlari o‘tkazilib, aniqlangan nomuvofiqliklar bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Jumladan: -ishga qabul qilish jarayonlarida tartibda ko‘zda tutilmagan taklif xati bilan ishga qabul qilishga chek qo‘yish; - xarid jarayonlarida shartnomalarni kelishish tartibiga rioya qilinishi; -tasdiqlangan hujjat va ichki me’yoriy hujjatlarning tasdiqlanish sanalaridagi nomuvofiqliklarini bartaraf etish. Shu bilan birga aniqlangan qoidabuzarliklar bo’yicha  O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining 12.12.2023-yildagi 17/53-sonli qarori bilan aniqlangan kamchiliklar yuzasidan Aksiyadorlik jamiyatining 18.01.2024-yil 3-sonli buyrug‘i bilan xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 3 nafar Aksiyadorlik jamiyati xodimlariga nisbatan o‘rtacha oylik ish haqining o‘ttiz foizi intizomiy jazosi qo‘llanildi. - Aksiyadorlik jamiyati yuristi G‘.Chuponovning da’vo ariza kiritish uchun asos bo‘lgan ma’lumotlar noto‘g‘ri berilganligi sababli 18,8 mln. so‘m ortiqcha to‘lovlar amalga oshirilganligi yuzasidan bildirgisi hamda Aksiyadorlik jamiyatining 06.02.2024-yildagi 14-sonli buyrug‘i asosida xizmat tekshiruvi o‘tkazilib 1 nafar xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan xodimga nisbatan hayfsan intizomiy jazosi qo‘llanilgan. - Aksiyadorlik jamiyatining Xisor MGQE haydovchisi F. Norovning Kon-geologiya vazirligi “ishonch telefoni” orqali yo‘llagan murojaati yuzasidan 15.03.2024-yildagi 31-sonli buyrug‘i asosida xizmat tekshiruvi o‘tkazilib 6 nafar xato va kamchiliklarga yo‘l xodimga nisbatan o‘rtacha oylik ish haqining o‘ttiz foizi miqdorida hamda hayfsan intizomiy jazolari qo‘llanilgan.

23

2023-yil yakunlari, erishilgan natijalar hamda 2024-yilda rejalashtirilgan loyihalar bo‘yicha Matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 25-aprel kuni O‘zbekiston Milliy matbuot markazida “O‘zbek geologiya qidiruv” AJda 2023-yil yakunlari, erishilgan natijalar hamda 2024-yilda rejalashtirilgan loyihalar bo‘yicha Matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda ommaviy axborot vositalari vakillari va jurnalistlar ishtirok etdilar. Matbuot anjumanida “O‘zbek geologiya qidiruv” AJ asosiy vazifalari xususida maʼlumot berildi. Xususan jamiyat yer qaʼrini geologik o‘rganish xususan rangli qimmatbaho metallar va boshqa foydali qazilma maydonlarda geologik-qidiruv ishlarini tashkil etish, rangli va qimmatbaho metallarning istiqbolli maydonlarini topish uchun ilmiy-tematik ishlar, bashoratli resurslar va mavjud maydonlarning mayda, o‘rta va yirik masshtabli geologik xaritalarini yaratish asosida respublika mineral-xom ashyo bazasini kengaytirishdan iborat. 2023-yilda aksiyadorlik jamiyati geologiya-qidiruv ishlarini olib borish foydali qazilma konlarni izlash, baholash va laboratoriya tahlil jarayonlarini, topografik, geologik tasvirlash hamda xaritalash ishlarini amalga oshirdi. O‘zbekiston Respublikasi hududida davlat byudjeti va maxsus mablag‘lar hisobidan 48 ta loyiha asosida 1430 km2 maydonda geologik-qidiruv ishlarini amalga oshirib, bu loyihalar asosida oltin, mis, qurg‘oshin va rux, volfram, noyob metall va kamyob yer elementlar, noruda foydali qazilmalarga geologik qidiruv ishlarini hamda laboratoriya tadqiqot ishlarini bajardi. Yil yakunida 10 ta loyiha tugatilib, aniqlangan zaxira va bashorat resurslari Davlat zaxiralari komissiyasiga topshirildi. Geologik qidiruv ishlarining asosiy qismini burg‘ilash jarayoni tashkil qilib o‘tgan yilda jami 640 974 p.m. burg‘ilash ishlari olib borildi. Jumladan shnekli burg‘ilash 61 887 p.m., xavo zarbali burg‘ilash 86 915 p.m., xaritali burg‘ilash 71 074 p.m., kolonkali burg‘ilash 421 071 p.m. hamda yer osti tog‘-kon ishlari 4 334 p.m., va yer usti tog‘-kon ishlari 243 534 m3 ga ni tashkil qildi. O‘tgan davr mobaynida zamonaviy burg‘ilash uskunalari orqali 1000 - 1 200 metr chuqurlikgacha burg‘ilash ishlari bajarilishiga erishildi. Bu esa albatta, foydali qazilma resurslari va mineral xom ashyo bazasini kengaytirishda katta ahamiyatga ega. Amalga oshirilgan geologik qidiruv ishlari respublikamizning Navoiy, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo, Jizzax  va Toshkent viloyatlari hududiga to‘g‘ri keladi. Geologik qidiruv ishlari natijasida nafaqat davlat zaxiralarini rivojlantirish balkim Navoiy va Olmaliq KMKlarining xomashyo bazasi oshiriladi. Geologik qidiruv ishlari natijasida olingan namunalarni aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi laboratoriyalarda tahlil qilinib yakuniy xulosa olinadi. 2023-yilda Markaziy laboratoriya namunalarni sifatli laboratoriya tadqiqot ishlarini tashkil qilish bo‘yicha qator muvffaqiyatga erishdi. “O‘zbek geologiya qidiruv” aksiyadorlik jamiyatining operatsion samaradorlikni oshirish, o‘rta va uzoq muddatli rivojlanish strategiyasiga muvofiq Markaziy laboratoriya Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlatlarida o‘tkaziladigan qiyosiy sinovlarda faol qatnashib kelmoqda. 2023-yilda Rossiya federatsiyasidagi “Minstandart” MCHJning PK №RMO-2-2023 “Polimetall rudalar” va RO-1-2023 “Platinatarkibli rudalar” dasturlari bo‘yicha ikkita qiyosiy sinovlarda ishtirok etib, ikkala holatlarda ham laboratoriya o‘zining yuqori malakasini ko‘rsatdi va reytingda faxrli o‘rinlardan joy egalladi. Shuningdek, Markaziy laboratoriyada ishlab chiqilgan “Agilent 4200 MR-AES mikroto‘lqin plazmalik atom-emission spektrometridan foydalangan holda tog‘ jinslarida reniyning massaviy ulushini aniqlash” uslubi MDH davlatlari o‘rtasida tan olindi hamda N. Fedorovskiy nomidagi Butunrossiya mineral xomashyo ilmiy-tadqiqot institutining Analitik usullar bo‘yicha ilmiy kengashi tomonidan uslubni Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlarida qattiq foydali qazilmalar bo‘yicha geologiya qidiruv ishlari bajarilganda qo‘llash mumkin bo‘lgan uslublar qatoriga kiritildi. Bu 40 yil ichida O‘zbekistondan geologiya qidiruv ishlari bajarilganda qo‘llash mumkin bo‘lgan uslublar kitobiga kiritilgan birinchi metod hisoblanadi. Shu bilan bir qatorda 2024-yilning birichi choragida Markaziy laboratoriyaning analitik tadqiqotlar va laboratoriyalararo taqqoslash sohasidagi katta tajribasini inobatga olgan holda Texnik qo‘mita o‘z qarori bilan “O‘zbek geologiya qidiruv” AJ Markaziy laboratoriyasiga tabiiy obyektlarni: suv va qattiq jismlarni tahlil qilish sohasida tadqiqotlar olib boradigan laboratoriyalarning malakasini tekshirish (PPK) provayderi sifatida vakolat berdi. Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasini tejash, muqobil energiya manbalaridan foydalanishni yo‘lga qo‘yish maqsadida aksiyadorlik jamiyati tomonidan 500 kVt dan ziyod quyosh foto elektr stansiyalari o‘rnatilib foydalanishga topshirildi. Bugungi kunda aksiyadorlik jamiyatida faoliyat olib borayotgan 3400 ga yaqin xodim belgilangan dasturlar asosida muntazam malaka oshirib kelmoqdalar. Xususan o‘tgan yil davomida 800 dan ortiq xodim Geologiya tarmog‘i xodimlari malakasini oshirish institutida, 40 ta xodim Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasida, 25 ta xodim “CERT academy International training company”da va boshqa bir qator o‘quv kurslarida kasb malakalarini oshirishdi. Yana shuni alohida taʼkidlab o‘tish kerakki, 211 nafar xodim oliy taʼlim muassasalarida va 60 nafar xodim texnikumda tahsil oldi. 2023-yilda aksiyadorlik jamiyatida xodimlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish maqsadida “Sport –salomatlik garovi”, “Kasaba uyushmasi kubogi”, “Balli qizlar” ko‘rik-tanlovi musobaqalari o‘tkazildi shuningdek, 400 dan ortiq xodimlar sog‘lomlashtirish markazlariga jo‘natildi. Shuningdek, Respublika bo‘ylab mahalliy sayohatlarni tashkil qilish maqsadida xodimlar ishtirokida “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qiling” shiori ostida ichki turizm tadbirlari tashkil etildi. Bunda 700 ga yaqin xodim yurtimizning tarixiy shaharlariga sayohat qilishdi. Aksiyadorlik jamiyati korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimini ishlab chiqish, joriy etish, tahlil qilish va takomillashtirish maqsadida 2023 yil yakunida korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimining xalqaro ISO 37001:2016 sertifikatini qo‘lga kiritdi. Xalqaro standart asosida korrupsiya holatlarining oldini olish, aniqlash va bartaraf qilish uchun zarur bo‘lgan barcha choralarni amalga oshirmoqda. Boshqaruv raisi o‘rinbosari Sh.Sirajov 2024-yilda “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi asosida geologiya qidiruv ishlarini yana-da rivojlantirish va xorijiy davlatlarda ham geologiya qidiruv ishlarini tashkil etish rejalashtirilgan bo‘lib, xususan, burg‘ilash ishlari va texnologiyalari bo‘yicha xizmat ko‘rsatish turlarini kengaytirish, geofizik tadqiqotlarni rivojlantirish, modellashtirish, yer va havo geofizikasi ishlarini bajarish quvvatlarini modernizatsiya qilish va kuchaytirish, shuningdek ishlab chiqarish jarayonlariga ilg‘or tajriba va uslublarni joriy etish ko‘zda tutilish haqida batafsil ma’lumot berdi. Matbuot anjumani yakunida jurnalistlar tomonidan berilgan savollarga mas’ullar tomonidan atroflicha javob berib o'tdi.     “O‘zbek geologiya qidiruv” Axborot xizmati

443

Foydali havolalar