1. Asosiy
  2. Matbuot markazi
  3. Yangiliklar

Prezident: Bu yil iqtisodiyotimizda hayotiy uyg‘onish va yuksalish yili bo‘ladi

145

Prezident Shavkat Mirziyoyev 14-mart kuni Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumaniga tashrif buyurdi. Bu yerda tomorqa va uy xo‘jaliklaridagi imkoniyatlarni to‘liq ishga solish orqali aholi daromadlarini oshirish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar rahbarlari, 208 ta tuman va shahar hokimlari, ularning o‘rinbosarlari, banklar va mahallalar vakillari qatnashdi. Davlatimiz rahbari odamlar yaxshi yashashga intilayotgani, ularga mablag‘ va ko‘mak berib, daromad manbai yaratish zarurligini ta’kidladi.

– Tadbirkorlik, bandlik, kambag‘allikdan chiqarishga katta mablag‘lar ajratayapmiz. “Mahalladagi yettilik”ni nima uchun tashkil qildik, kambag‘allikdan chiqarish tizimini nimaga xonadongacha olib bordik? Maqsadimiz – tomorqani ishlatib, xonadonda ishlab chiqarish qilib, ko‘chada xizmatlarni ko‘paytirib, har sotixdan 1-2 million so‘m daromad topishga o‘rgatish, – dedi davlatimiz rahbari. 

Lekin Sayxunobodda natijalar bunday emas. Qishloq xo‘jaligi, qurilish va investitsiyaning tumandagi tizimi yetarlicha ishlamayapti, tadbirkorlik o‘smayapti.

Shu bois Sirdaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari, Sayxunobod tumani hokimi va boshqa bir qator rahbarlar vazifasidan ozod qilindi.

Yig‘ilishda Sayxunobod tumani misolida hududlardagi muammolar va foydalanilmayotgan imkoniyatlar ko‘rsatib o‘tildi.

Xususan, davlat tomonidan banklarga katta resurs ajratilayapti. O‘tgan yili mahalladagi tadbirkorlik uchun Sayxunobodga 120 milliard so‘m berilgan. Tuman tadbirkorlari o‘tgan yil soliqdan 85 milliard so‘mlik imtiyoz olgan.

Lekin, buning samarasi shunga yarasha emas. Xususiy sektorda yaratilgan rasmiy ish o‘rni bor-yo‘g‘i 968 taga ko‘paygan. 2023-yilda tumanda 167 ta yangi tadbirkor paydo bo‘lgan bo‘lsa, shuni yarmi hali ish boshlamagan.

 Banklar faqat qaytimni o‘ylab, oson yo‘l bilan resurslarni doimiy mijoziga berayapti. “Men ham tadbirkor bo‘lay, mahallada ish o‘rni yaratay”, degan oddiy odamlar chetda qolib ketayapti. Kambag‘allikni yo‘qotish uchun ularga tayyor loyiha berilmayapti.

O‘tgan yili Sayxunobodda sanoat hajmi ham o‘smagan. 19 ta mahalladan 16 tasida yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan birorta ishlab chiqarish yo‘q. Tayyor infratuzilmasi bor 16 ta bino va inshoot sotilmay turibdi. Xomashyo tayyorlash, borini qayta ishlash, odamlarni mahsulot ishlab chiqarishga o‘rgatish va kooperatsiya qilish bo‘yicha tashabbuslar yo‘q.

Tumanning eng katta zaxirasi ham, imkoniyati ham – yer. Sayxunobod aholi tomorqasi 20 sotixdan ortiq bo‘lgan 26 ta tumandan biri. Tomorqalarda asosiy ekin beda bilan makka bo‘lib qolgan. Sarxil meva-sabzavotlar yetishtirib, daromad olish, eksport qilish yo‘lga qo‘yilmagan.

Sayxunobodning 19 kilometr hududidan “Sirdaryo” oqib o‘tgani uchun “suv tekin” degan tushuncha o‘rnashib qolgan. Atigi 22 foiz yerlarda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan. Sholichilik fermer xo‘jaliklari lazerli tekislanmagan. Kanallarni betonlash rejasi to‘liq bajarilmagani oqibatida 9 ta mahalladagi 5 ming gektar yerga suv kam borayapti.

Yig‘ilishda bu muammolarni hal etish va ishsizlikni kamaytirish choralari muhokama qilindi.

Avvalo, Sayxunoboddagi 17 mingta xonadondagi tomorqani ishga solish, kichik sanoat va xizmatlarni yo‘lga qo‘yish orqali aholini daromadli qilish vazifasi qo‘yildi. Buning uchun banklar hokim yordamchilari bilan birga 19 ta mahalla va 794 ta ko‘chani nomma-nom bo‘lib olib, “drayver” yo‘nalishlardan kelib chiqib, har biriga texnik iqtisodiy asos ishlab chiqadi.

Sayxunobodda ilk bor yangi tajriba qilinib, 19 ta mahallaning har biriga bittadan mini traktor, 4 tadan motokultivator olib berildi. Endilikda hokim yordamchilari “1 sotix tomorqadan kamida 1-2 million so‘m daromad” degan mezon asosida aholi uchun biznes reja ishlab chiqadi. Mahalladagi agronomlar bilan birga tomorqa yerlarini haydash va ekin ekish xizmatlarini ko‘rsatadi. Bu tajriba butun respublikada ommalashtiriladi.

Tomorqada yetishtirilgan mahsulotni sotib olish tizimini yo‘lga qo‘yish ham muhim masala. Shu maqsadda tumanda eksportga ko‘maklashuvchi korxona ochilib, ustaviga 1 milliard so‘m kiritiladi. Bu korxona 4 ming xonadonga serhosil qovoq, mosh, loviya, rozmarin, brokkoli, timyan urug‘larini yetkazadi, yetishtirilgan mahsulotni sotib olib, eksport qiladi.

Bundan tashqari, mahallada sotib olishni yo‘lga qo‘ygan eksportchi, ilg‘or tadbirkorlarga 300 million so‘mdan 1 milliard so‘mgacha grant beriladi.

Tumandagi 19 ta mahallaning har birida 10 tadan xonadonda namunaviy intensiv bog‘ yaratiladi. Kooperatsiya asosida ularga eskportchilar bog‘lanib, 2 ming tonnalik saqlash, saralash va qayta ishlash majmualari tashkil etiladi. Har bir namunaviy xonadon esa kelgusida qo‘ni-qo‘shnilarini ham bunga o‘rgatadi. Buning uchun hokim – bog‘ egasi – bank o‘rtasida uch tomonlama shartnoma tuziladi.

Mebel korxonalari uchun terak yetishtirish imkoniyati ham bor. Shu bois tumandagi 98 kilometr kanallar va drenaj tarmoqlari atrofidagi 100 gektar bo‘sh yerlar kooperatsiya asosida 500 ta xonadonga terak ekish uchun bo‘lib beriladi.

Sayxunobodda sanoat usulida yiliga atigi 60 ming parranda yetishtirayapti. Bu juda kam. Shu bois 4 ta yirik parrandachilik fermasi tashkil etilib, 2 mingta xonadon bilan kooperatsiya yo‘lga qo‘yiladi. Natijada xonadonlarda yiliga 10 million parranda boqilib, qo‘shimcha 22 ming tonna parranda go‘shti yetishtirish mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, Sirdaryo oqib o‘tadigan mahallalarda sun’iy havzalar qurib, baliq yetishtirishni ko‘paytirish, tomorqalarga uya tarqatib, asal eksportini yo‘lga qo‘yish vazifalari ko‘rsatib o‘tildi.

Chorvasini ko‘paytirish istagidagi oilalarga 400 gektar yer ozuqa uchun beriladi. Oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida qoramol, qo‘y va echki olish uchun 33 million so‘m imtiyozli kredit garovsiz, naqd pulda beriladi. Bu orqali tumandagi 1,5 ming xonadonga chorvani ko‘paytirish uchun sharoit yaratiladi. Bunday mahallalarda sutni yig‘ish shoxobchalari ishga tushiriladi.

Xonadonlarda kichik ishlab chiqarishni tashkil qilishga ko‘maklashish zarurligi ta’kidlandi. Shu maqsadda tumanda tadbirkorlik infratuzilmasini yaxshilashga 60 milliard so‘m beriladi. Bo‘sh turgan 21 ta inshootga investorlar jalb qilinib, foydalanishga kiritiladi. “Farovon” mahallasida 35 gektar maydonda kichik sanoat zonasi tashkil qilinib, kamida 100 million dollarlik sanoat loyihalari boshlanadi.

Davlatimiz rahbari Sayxunobodda o‘tgan yili birorta ko‘p qavatli uy qurilmaganiga to‘xtalib, bu bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatma berdi.

Umuman, bu tizim orqali Sayxunoboddagi har bir mahalla, har bir ko‘cha, har bir xonadon qamrab olinishi ta’kidlandi. Mutasaddilarga ushbu yangi tizimni respublikaning barcha 9 ming 452 ta mahallasida yo‘lga qo‘yish topshirildi.

– Bu yil iqtisodiyotimizda hayotiy uyg‘onish va yuksalish yili bo‘ladi. Buning uchun joylardagi mutasaddilar fidoyilik bilan ishlab, hammani uyg‘otishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda hokimlar va sektor rahbarlari, iqtisodiy kompleks vakillari, mahalla raislarining hisobot va takliflari eshitildi.

Bo‘lishish

Foydali havolalar