1. Asosiy
  2. Matbuot markazi
  3. Yangiliklar

O‘zbekiston – Singapur: Ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishning yangi ufqlari

1

O‘zbekiston – Singapur: Ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishning yangi ufqlari
Bugun, 17 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Singapurga davlat tashrifi doirasida oliy darajadagi tadbirlar – ushbu mamlakat Prezidenti Halima Yaqub va Bosh vaziri Li Syan Lun bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston-Singapur sammitidan avval Singapur Prezidentining “Istana” saroyida davlatimiz rahbarini rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi.

Saroy oldidagi maydonda oliy martabali mehmon sharafiga Faxriy qorovul saf tortdi. Harbiy orkestr ikki davlat madhiyalarini ijro etdi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Singapur Prezidenti Halima Yaqub Faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar aʼzolarini qutladilar.

So‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sharafiga Singapurning milliy ramzi bo‘lgan orxideya gulining yangi naviga nom berish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bunday tadbirlar anʼanaviy ravishda ushbu mamlakatning oliy martabali mehmonlari va taniqli arboblarga yuksak hurmat va ehtirom belgisi sifatida o‘tkaziladi.

Anʼanaga ko‘ra, Prezident Shavkat Mirziyoyev gulning yoniga yangi turdagi orxideyaning nomi - “Shavkat Mirziyoyev orxideyasi” deb yozilgan taxtachani joylashtirdi.

Ushbu ko‘rkam va yoyilib o‘suvchi gul Encbi Purple va Kila Blue orxideyalarining gibridi hisoblanadi. Uzunligi 45 santimetr bo‘lgan qat-qat yaproqli qo‘shgullar, ularning har birida 17 tadan 20 tagacha gul hosil qiladi, har bir gulning eni 5 santimetr atrofida. Och siyohrang barglar va kosachabarglarning cheti mayin binafsharang.

Shundan so‘ng Prezidentlar ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdilar.

O‘zbekiston va Singapur o‘rtasidagi munosabatlarni yana-da chuqurlashtirish istiqbollari, ijtimoiy-siyosiy hayotni demokratlashtirish borasidagi islohotlar yuzasidan fikr almashildi.

Taʼlim sohasida faol hamkorlik qilinayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Toshkentda Singapur menedjmentni rivojlantirish instituti hamda Singapur texnologiyalar, menedjment va kommunikatsiyalar akademiyasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Ikki mamlakatning Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik va integratsiyani kengaytirish borasidagi tajribasi batafsil ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston va Singapur xalqaro maydonlarda mintaqaviy barqarorlik va izchil taraqqiyot masalalarida bir-birini anglashi va bu boradagi tashabbuslarni ilgari surishda o‘zaro ko‘maklashayotgani qayd etildi.

Uchrashuv yakunida hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi.

Shavkat Mirziyov Halima Yaqubni o‘ziga qulay bo‘lgan vaqtda mamlakatimizga tashrif bilan kelishga taklif etdi.

So‘ng “Istana” qarorgohida Prezidentimiz Singapur Bosh vaziri Li Syan Lun bilan muzokara o‘tkazdi.

Yetakchilar hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini har tomonlama ko‘rib chiqdilar, ustuvor yo‘nalishlardagi aloqalar jadal surʼat bilan rivojlanib borayotganini taʼkidladilar.

Jumladan, savdo-iqtisodiy sohada sezilarli natijalarga erishildi. Keyingi yillarda tovar ayirboshlash ikki barobarga oshdi. O‘zbekistonda Singapur kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 4 karra ko‘paydi. Ushbu mamlakatdan yurtimiz iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hajmi 700 million dollarga yetgan.

Ko‘plab sohalarda amaliy hamkorlikni kengaytirish uchun katta zaxiralar mavjudligi qayd etildi.

Bo‘lishish

Foydali havolalar