- Asosiy
- Matbuot markazi
- Yangiliklar
Korrupsiya nima va uning oldini olish uchun qanday profilaktika choralari zarur
Hurmatli “O‘zbek geologiya qidiruv” aksiyadorlik jamiyatining jonkuyar, fidoyi, mehnatsevar va o‘z ishining ustalari bo‘lmish xodimlari! Xabaringiz bor, 2017 yildan boshlab respublikamizda korrupsiyaga qarshi kurashning keng ko‘lamli islohoti boshlandi va “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinishi bilan boshlandi.
Buni ko‘ringki, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etilishi bilan bir qatorda, barcha korxona va tashkilotlarda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘limlari tashkil etilib, komplayens ish o‘rinlari ochildi. Bu orqali jamiyatimizda ham respublika miqyosida olib borilayotgan siyosatga mos ravishda ishlarni boshladik.
O‘tgan 3 yil ichida jamiyatimizda 20 dan ortiq ichki meʼyoriy hujjatlar joriy etildi, mutaxassis va bo‘lim, boshqarma boshliqlari maxsus o‘qitildi, xodimlar o‘rtasida keng qamrovli, joylarga chiqqan holda tushuntirish va bilim ko‘nikmalari shakllantirildi. Korrupsiyaviy xabar va maʼlumotlarni qabul qilish bo‘yicha ishonch telefon raqamlari, telegram botlari hamda bularni qabul qilish, o‘rganish, chora ko‘rish va rag‘batlantirish tartiblari tasdiqlanib, ushbu tartib asosida harakatlar amalga oshirilmoqda.
Shuni aytib o‘tish joizki, aloqa kanallari orqali 20 ga yaqin xabarlar qabul qilinib, aksariyati tegishli asoslar yo‘qligi sababli o‘z tasdig‘ini topmadi. Kam foizli xabarlar qisman tasdig‘ini topib, jamiyat ichki tartib qoidalariga muvofiq choralar ko‘rildi.
Xaridlar sohasida islohotlar amalga oshirilib, xaridlar va xizmatlar ko‘rsatish to‘liq elektronlashtirildi va komplayens nazoratiga topshirildi. Xarid jarayonlari shaffof va qonuniyligi, inson omilining aralashuviga chek qo‘yildi. Hozirgi kunda bu sohani yana-da takomillashtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Jamiyatimiz 2023 yil noyabr oyida ISO 37001:2016 Korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimining xalqaro sertifikatini qo‘lga kiritdi. Bularning barchasi siz xodimlarning saʼy-harakatlaringiz va bir yoqadagi birdamligingizning mevasidir.
Respublika miqyosida korrupsiyaga qarshi kurashish doirasida 2024 yilning iyun oyida "Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida" gi qonun qabul qilinib, uning mazmun-mohiyati joylarda va jamiyat xodimlari o‘rtasida tushuntirildi.
Bu qonun jamiyatimizda faoliyat olib borayotgan va yangidan ishga qabul qilinayotgan xodimlar, shuningdek, xaridlar sohasida yuz berishi mumkin bo‘lgan manfaatlar to‘qnashuvlari holatlarini barvaqt aniqlash va ularni bartaraf etishni taʼminlaydi.
Siz xodimlardan iltimosim, har qanday Korrupsiyaviy va boshqa qonun buzilish holatlari yuzasidan beeʼtibor bo‘lmang va 95-505-99-00 raqamlari orqali o‘z vaqtida xabar bering. Bu orqali siz jamiyatimiz nufuziga, shaffoflikni taʼminlashga, rahbarlarni tarbiyalashga o‘z hissangizni qo‘shgan bo‘lasiz. Men har bir xodim o‘z haq-huquqlarini bilgan holda halol ishlashini tarafdoriman.