1. Asosiy
  2. Matbuot markazi
  3. Yangiliklar

“Kokpatas” DGQE – 60 yoshda

117

 YER OSTIDAN XAZINA IZLOVCHILAR!

Olimlarning olib borgan tadqiqotlariga ko‘ra, sizu biz yashayotgan Qizilqumda Mendeleyev davriy sistemasining deyarli barcha elementlari topilgan. Ona tabiat bu zaminga yetarli miqdorda mineral xomashyo resurslarini inʼom etgan.
1963 yilda “Kokpatas” dala-geologiya qidiruv ekspeditsiyasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu tarixiy voqea Qizilqumdagi mineral boyliklarning keng miqyosda o‘zlashtirilishini boshlab berdi.
Bugun “O‘zbekgeologiya qidiruv” AJ tasarrufida bo‘lgan “Kokpatas” dala-geologiya qidiruv ekspeditsiyasi o‘zining muborak 60 yilligini nishonlamoqda. Aytish joizki, bu yerda mehnat qilayotgan yuzlab ishchi va mutaxassislar o‘zlarining fidokorona mehnati tufayli mamlakatimiz mineral xom-ashyo bazasini kengaytirish “Navoiy” kon-metallurgiya kombinati AJ tasarrufidagi 1-sonli, 3-sonli hamda 5-sonli gidrometallurgiya zavodlarini xomashyo resurslari bilan uzluksiz taʼminlashdek eng muhim va strategik vazifalarni sidqidildan bajarib kelmoqdalar.O‘tgan 2021 yilning 21 aprelida “Geologiya sohasiga investitsiyalarni faol jalb etish, tarmoq korxonalarini transformatsiya qilish va respublika mineral-xomashyo bazasini kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, geologiya-qidiruv ishlari bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi alohida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan, davlat unitar korxonalarini birlashtirish yo‘li bilan ular negizida “O‘zbek geologiya qidiruv” AJ tashkil etildi. Bu esa “Kokpatas” dala-geologiya qidiruv ekspeditsiyasi faoliyatini yangi yuqori bosqichga olib chiqdi, deyish mumkin.

Raqamlarni tahlil qiladigan bo‘lsak, korxonaga keltirilayotgan yangi zamonaviy burg‘ilash uskunalari soni 9 taga, umumiy avtotransport vositalari soni 33 taga yetkazildi. Burg‘ilash ishlari o‘tgan 2021 yilda o‘rtacha 459 metrni tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yilda 493 metrdan iborat bo‘ldi. O‘sish ko‘rsatkichi 107,4 foizni tashkil etdi. Joriy yilda esa bu raqamlarni 700-800 metrgacha yetkazish ko‘zda tutilgan.
Bugun jamoada mehnat qilayotgan 335 nafar ishchi-xodim va geologlarning oldida hududning ulkan tabiiy, ishlab chiqarish va mehnat salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishdek, g‘oyat muhim vazifalar turibdi. Ularning 63 nafari oliy, 177 nafari esa o‘rta –maxsus maʼlumotli mutaxassislar bo‘lib, jamoada 43 nafar opa-singillarimizning borligi murakkab geologiya sohasida ham ayollarning erkaklar bilan bir safda mehnat qilayotganligidan dalolat beradi, albatta!


“Kokpatas” dala-geologiya qidiruv ekspeditsiyasining malakali, bilimli va fidoyi jamoasi hududni geologik o‘rganish, loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash, burg‘ilash quduqlaridan namunalar olish, maydalash hamda istiqbolli yo‘nalishlarni taqdim etish ishlarini muvaffaqiyatli ado etishiga ishonaman!
Qizilqumning yozi juda issiq, qishi esa qattiq sovuqdan iborat ayovsiz iqlimini pisand etmay, mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun ulkan ahamiyatga ega qattiq foydali qazilma konlarini, mineral xomashyolarni razvedka qilish, izlab topish ishlarini olib borayotgan zabardast geologlarga qarata olgan tuprog‘ingiz zar, irodangiz mustahkam bo‘lsin, deymiz!!
Darhaqiqat, Qizilqum sahrosi – saxovatli, yer osti boyliklariga kon zamin. Uchquduqdagi “Kokpatas” dala-geologiya qidiruv ekspeditsiyasi qattiq foydali qazilma konlarini qidirish va qidiruv quduqlarini burg‘ulash hajmini muttasil oshirib borib, mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishga munosib ulush qo‘shayotir.

Bu esa tomchidagi quyosh aksi misol jonajon O‘zbekistonimizda olib borilayotgan yaratuvchanlik ishlarining yorqin ifodasidir!
Siz azizlarga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat, Vatanimiz farovonligi yo‘lidagi sharafli mehnatingizda yangi zafarlar tilayman!
Bayramingiz yana bir bor muborak bo‘lsin, azizlar!

Suratda: korxona faoliyatidan lavhalar.
Elbek TURSUNOV,
“Kokpatas” DGQE boshlig‘i.

 

 

Bo‘lishish

Foydali havolalar