1. Asosiy
  2. Matbuot markazi
  3. Yangiliklar

Aksiyadorlik jamiyatida “Yilning eng faol yosh geologi va muhandis texnik xodimlari” aniqlandi

260

Yurtimizda amalga oshirilayotgan davlat siyosatining eng ustuvor vazifalaridan biri bu yoshlarni ijtimoiy jihatdan shakllantirish va ularning intellektual, ijodiy va boshqa yo‘nalishdagi salohiyatini kamol toptirish uchun shart-sharoitlar yaratishdan iborat. Shu maqsadlarni hayotga tadbiq etish maqsadida ham 2024-yil O‘zbekistonda "Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili" deb e’lon qilindi. Bu yo‘nalishda “O‘zbek geologiya qidiruv” aksiyadorlik jamiyatida ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, yoshlar o‘rtasida har yili spartakiada musobaqalari o‘tkazilib kelinadi. Bundan tashqari “O‘zbek geologiya qidiruv” aksiyadorlik jamiyati boshlang‘ich Kasaba uyushmasi tashkiloti tashabbusi bilan sohada faoliyat olib borayotgan yoshlarning bilimi, isteʼdodi va ijodiy qobiliyatini namoyon qilish, o‘zlarining ixtisosliklarini chuqur o‘rganish, shu orqali o‘z ustida ishlashni tashkil qilish, kasb mahoratini yuksaltirish, ilg‘or texnologiyalarni amaliyotda qo‘llash hamda sog‘lom raqobat muhitini yaratish va sohada xizmat ko‘rsatayotgan yosh mutaxassislarni har tomonlama moddiy va maʼnaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Yilning eng faol yosh mutaxassisi ko‘rik tanloviga start berildi. Tanlovning hududiy bosqichi yuzdan ziyod yoshlar ishtirokida barcha markaziy ekspeditsiyalarda tashkil etilib, faol yoshlar ishtirokida ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi. Tanlovning yakuniy bosqichiga yetib kelgan 25 nafar ishtirokchi o‘z tengdoshlari orasida bilimi tajribasi yuqori ekanligi namoyon etishdi. Tanlov qatnashchilari ikkita yo'nalish bo'yicha ya’ni geologik va muhandislik yo'nalishlarida o'z bilimlarini  sinovdan o‘tkazishib, g‘oliblik uchun murosasiz bahs olib borishdi. Tanlov yakuni hakamlar hay’ati tomonidan baholanib, shartlarni a’lo darjada bajargan ishtirokchilar «Yilning eng faol yosh geologi» va «Yilning eng faol yosh muhandis texnik xodimi» g‘olibliklarini qo‘lga kiritishdi. Xususan, Yilning eng faol yosh geologi» yo‘nalishi bo‘yicha Toshkent Markaziy geologiya qidiruv ekspeditsiyasi ishtirokchilari 1-o‘rinni Mardiyev Inoyat, 2-o‘rinni Rustamov Sunnat 3-o‘rinni Amirov Elyor qo‘lga kiritishdi. «Yilning eng faol yosh muhandis texnik xodimi» nominatsiyasi bo‘yicha esa 1-o‘ringa Toshkent Markaziy geologiya qidiruv ekspeditsiyasi muhandisi Aliyev Bobir, 2-o‘ringa Samarqand Markaziy geologiya qidiruv ekspeditsiyasi burg‘ilash ustasi Xamzayev Azim, 3-o‘ringa Hisor Markaziy geologiya qidiruv ekspeditsiyasi burg‘ilash ustasi Allamurodov Qobil munosib deb topildi. Tadbir yakunida g‘oliblarni aksiyadorlik boshqaruv raisi Shamsiddin Alimov samimiy tabrikalab kelgusidagi ishlariga muvaffaqiyatlar tiladi hamda faxrli o‘rinni egallagan va faol ishtirok etgan xodimlarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Shuni alohida ta’kidlab o‘tish kerakki, O‘zbek geologiya qidiruv” aksiyadorlik jamiyatida yoshlarni o‘z ustida ishlashi va bilimlarini oshirib borishga ximat qiladigan bu kabi tanlovlar muntazam o‘tkazilib boriladi.

“O‘zbek geologiya qidiruv”

aksiydorlik jamiyati

Axborot xizmati

 

 

Bo‘lishish

Foydali havolalar